Saida Mirziyoyeva BMTning Davlat xizmati boʻyicha xalqaro komissiyasi rahbari bilan uchrashdi

    Hukumat 23 Iyun 2025 1710

    Shu yilning 23-iyun kuni Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva Samarqandda BMTning Davlat xizmati boʻyicha xalqaro komissiyasi rahbari Larbi Jakta bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuvda davlat xizmatchilarining ishini qanday qilib samaraliroq va zamonaviyroq qilish mumkinligi, qaysi xalqaro standartlarni joriy etish va xodimlarni qanday qoʻllab-quvvatlash kerakligi haqida suhbatlashildi.

    Shuningdek, ayni paytda Oʻzbekiston davlat boshqaruvi tizimida kechayotgan islohotlarga alohida eʼtibor qaratildi.

    Janob Jakta mamlakatimizning soʻnggi yillarda erishgan yutuqlarini yuqori baholab, bugungi Oʻzbekiston infratuzilma, innovatsiya va inson kapitali jihatidan butkul boshqacha davlat ekanini taʼkidladi, — deb yozadi Prezident yordamchisi oʻzining telegram kanalida.

    Oʻzbekiston bilan BMT oʻrtasidagi hamkorlik misli koʻrilmagan yuksak darajada. Larbi Jakta bilan uchrashuv ana shu munosabatlarni qoʻllab-quvvatlash va birgalikdagi faoliyat uchun yangi istiqbollarni belgilash uchun ajoyib imkoniyat boʻldi.