Yoshlar oʻrtasida texnik taʼlimning nufuzini oshirishga qaratilgan ushbu keng koʻlamli loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshirigʻiga muvofiq amalga oshirilmoqda.
“Tashkent tech” Toshkent davlat texnika universiteti negizida “Boston Consulting Group” koʻmagida bosqichma-bosqich ishga tushiriladi. Ushbu loyiha jahonning ilgʻor amaliyotlarini sanoat va innovatsion rivojlanishimiz ehtiyojlariga moslashtirgan holda integratsiya qilish imkonini beradi.
Strategik vazifamiz yuksak xalqaro standartlarga mos yangi avlod universitetini yaratishdir. Biz zamonaviy mehnat bozorining eng yuqori talablariga javob beradigan muhandislar yetishib chiqadigan ekotizimni shakllantiramiz. “Tashkent tech” shunchaki oliy oʻquv yurti emas, balki Oʻzbekistonning texnologik suvereniteti va barqaror industrial oʻsishining harakatlantiruvchi kuchiga aylanadi, deb ishonaman, — deb yozadi Saida Mirziyoyeva oʻzining Telegram kanalida.