Yigʻilishda qabul qilingan chora-tadbirlar xususida Toshkent shahri va viloyati hokimlari, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi raisi hamda huquq-tartibot idoralari vakillari axborot berdi.
“Prezidentimiz mendan har kuni bu masala boʻyicha hisobot soʻrayaptilar. Xalqimizning salomatligi bilan bogʻliq masala boʻlgan joyda hech birimizning sustkashlikka yoʻl qoʻyishimizga haqqimiz yoʻq”, — dedi Saida Mirziyoyeva.
Mutasaddilar qabul qilingan chora-tadbirlar toʻgʻrisida hisobot berdi. Xususan, yirik yashil hududlar va bogʻlar tashkil qilish, tabiiy suv havzalari atrofini obodonlashtirish, sunʼiy koʻllar qurish haqida soʻz bordi.
Sanoat zonalari va issiqxonalardagi ekologik holatni qatʼiy nazorat qilish bilan bir qatorda, belgilangan talab doirasida ishlashni xohlovchi tadbirkorlarga davlat tomonidan har tomonlama koʻmak berish kerakligi taʼkidlandi.
Lekin oʻz navbatida, ekologiyani buzayotgan va qoidalarni pisand qilmaydigan har qanday subyektga nisbatan keskin qonuniy choralar koʻrilishi, bunda hech kimga istisno qilinmasligi qayd etildi.
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Maxsus komissiya aʼzolari oldiga aniq vazifalar qoʻydi: hozirda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muayyan muddatlarga ega boʻlishi va tizimli ravishda bajarilishi lozim. Kelgusi yilda bunday vaziyat takrorlanmasligi kerak.
Koʻrib chiqilgan keng qamrovli chora-tadbirlar majmuasi quyidagilarni oʻz ichiga oladi: yashil maydonlarni barpo etish turlari va joylari, ariq tizimini qayta tiklash, issiqxonalar va sanoat korxonalari chiqindilarini kamaytirish hamda havo sifatini yaxshilash boʻyicha boshqa shoshilinch harakatlar.
Saida Mirziyoyeva Fargʻonada ham vaziyatni yaxshilash boʻyicha keskin choralar koʻrish yuzasidan masʼullarga topshiriqlar berdi.
Umuman olganda, ekologik vaziyat hamda uni yaxshilash boʻyicha koʻrilayotgan choralar qandaydir bir martalik yoki vaqtinchalik aksiya emasligi, bundan keyin, garchi havo yaxshilangan taqdirda ham, mazkur yoʻnalishdagi ishlar toʻxtab qolmasligi, izchil hamda tizimli davom etishi, buni barcha boʻgʻindagi rahbarlar toʻgʻri anglashi kerakligi qatʼiy taʼkidlandi.
«Eng asosiysi, Prezidentimiz xohlayotgan va doim taʼkidlaydigan masala — qilayotgan ishlarimiz ilmga asoslanishi kerak. Olimlarni eshitishimiz, ilgʻor xorijiy ilmiy tajribalardan foydalanishimiz, yurtimizda ham ushbu sohadagi ilmiy maktabni yaratishimiz kerak», — deya taʼkidladi Saida Mirziyoyeva.
Yigʻilishda Oʻzbekistonda atmosfera nazoratiga moʻljallangan katta ilmiy laboratoriya tashkil qilishga oid masala ham muhokama qilindi va bu boʻyicha masʼullar uchun qatʼiy muddatlar belgilandi.










