Saida Mirziyoyeva Oksfordda oʻzbek tili dasturining ochilishida ishtirok etdi

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Oksford universitetida oʻzbek tilini oʻrganish dasturining rasmiy ochilish marosimida ishtirok etdi.

    Oksford — Buyuk Britaniyadagi yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan biri boʻlib, u Osiyo va Yaqin Sharq tadqiqotlari fakulteti doirasida oʻzbek va qadimiy oʻzbek (chigʻatoy) tillarini oʻquv dasturiga kiritgan ilk universitet hisoblanadi.

    Mirziyoyeva oʻz nutqida Oksfordni global muloqotlar uchun eng munosib joy sifatida taʼkidlab, shunday dedi:

    "Oʻzbekiston uzoq yillar yopiq davlat boʻlib kelgan. Bugun esa u ilm-fan, texnologiya, taraqqiyot va eng asosiysi — muloqot uchun ochiq mamlakat."

    Saida Mirziyoyeva ayollarning taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish, oilaviy zoʻravonlikni jinoyat deb baholash, shuningdek, ayollarni ruhlantirish va ularning huquq hamda imkoniyatlarini mustahkamlash yoʻlidagi tashabbuslari uchun Oksford universiteti mukofoti bilan taqdirlandi.

    Tadbirda Oksforddagi Wolfson kolleji prezidenti sir Tim Hitchins, Lordlar palatasi aʼzosi lord Malcolm Bruce, professor Nikolay Sinay, Oksford meri Luiza Upton va universitet olimlari ishtirok etdi.