Saida Mirziyoyeva Rossiya Federal Majlisi Federatsiya Kengashi raisi bilan uchrashdi

    Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva Moskvaga tashrif doirasida Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenko bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston-Rossiya munosabatlarining muhim yoʻnalishi boʻlgan madaniy-gumanitar muloqotni rivojlantirish va jamoatchilik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

    Parlamentlararo hamkorlik va mintaqalararo aloqalar yuksak darajaga chiqqani mamnuniyat bilan qayd etildi.

    Taʼlim va madaniyat sohalaridagi loyihalarga alohida eʼtibor qaratildi. Rossiya oliy taʼlim muassasalarining yangi filiallarini ochishga koʻmaklashish, yoshlar uchun qoʻshma dasturlar, shuningdek, madaniyat sohasidagi tashabbuslar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

    Faxriylar va bolalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishga alohida toʻxtalindi. Madaniy muloqot va gumanitar almashinuv ikki tomonlama munosabatlarning muhim asosi boʻlib qolayotgani toʻgʻrisida yakdil fikr bildirdik, — deb yozadi Saida Mirziyoyeva oʻzining Telegram kanalida.