Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov maʼlum qildi.
Soʻnggi kunlarda kuzatilayotgan havo ifloslanishi darajasi chuqur tashvish uygʻotayotgani, poytaxt aholisini haqli ravishda xavotirga solayotgani, bu holat tezkor va muvofiqlashtirilgan harakatlarni talab etayotgani qayd etildi.
Administratsiya rahbari masʼullarning atmosfera havosining hozirgi holati, fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar, jamoatchilikning taklif va tashabbuslari toʻgʻrisidagi hisobotlarini tingladi. Mavjud vaziyatga taʼsir koʻrsatayotgan asosiy omillar, odamlar salomatligi va ekologiyaga salbiy taʼsirni kamaytirish yoʻllari atroflicha koʻrib chiqildi.
Yigʻilishda oʻrnatilgan meʼyorlar buzilgan hollarda havoni ifloslantirayotgan ishlab chiqarishlarga qarshi qatʼiy choralar koʻrish zarurligi alohida taʼkidlandi. Odamlar salomatligi haqida gap ketganda, murosaga oʻrin yoʻqligi va bu tamoyil davlat uchun ham, biznes uchun ham birdek amal qilishi kerakligi qayd etildi.
Saida Shavkatovna shu kunlarda tezkor tartibda ishlab chiqilgan ekspert xulosalariga asoslanib, yaqin, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan, tezkor choralardan tortib, kelgusida bunday holatlar takrorlanishining oldini olishga qaratilgan tizimli yechimlargacha qamrab olgan kompleks takliflarni ilgari surdi.
Xususan, Prezident Administratsiyasi rahbari tomonidan ekologik nazoratni kuchaytirish, ifloslantiruvchi obyektlar faoliyatini cheklash, qurilishga qoʻyiladigan talablarni qatʼiylashtirish, shaharni keng koʻlamda koʻkalamzorlashtirish va havo sifatini nazorat qilishning zamonaviy tizimini yaratish boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi.
Ushbu chora-tadbirlar yaqin orada davlatimiz rahbariga koʻrib chiqish uchun taqdim etiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi uchun asos boʻlib xizmat qiladi.