Saida Mirziyoyeva oʻzining telegram kanalida Samarqanddan Urgut vokzaligacha yangi temir yoʻl orqali kelganini maʼlum qildi. Shuningdek, u mazkur yoʻl Urgutda erkin iqtisodiy zona shakllanishi, tadbirkorlar, yoʻlovchilar uchun masofa va xarajatlarni qisqartirishga xizmat qiladigan muhim infratuzilma boʻlishi haqida yozdi.
«Oʻzbekiston–Tojikiston chegarasida savdo, logistika va tibbiyot markazlarini tashkil etish loyihasi bilan tanishdim. Asosiy maqsad — hududni tranzit nuqtadan iqtisodiy faoliyat markaziga aylantirish.
Yangi logistika markazi kuniga 100 tagacha yuk avtomobiliga xizmat koʻrsatishi rejalashtirilgan. Bu yerda logistika faqat tashish emas, balki mahsulot qiymatini oshiruvchi bosqich sifatida koʻrilmoqda. Bojxona jarayonlarida byurokratiya qisqarib, tezlik va shaffoflik oshiriladi.
Diagnostika markazida 200 nafar bemor, savdo markazida esa 800 nafar tadbirkor uchun sharoitlar yaratiladi. Bu orqali Tojikiston fuqarolari ham pasport nazorati, ortiqcha hujjat va navbatlarsiz savdo qilishlari, tibbiy xizmatlardan foydalanishlari mumkin boʻladi. Odamlar uchun qulaylik oshadi va iqtisodiy aloqalar yanada kuchayadi, — deb yozadi Prezident Administratsiyasi rahbari.











