Hakamlar qatoridan Oʻzbekiston Prezidenti administratsiyasining rahbari Saida Mirziyoyeva ham joy olgan. Uning nomzodi Al-Azhar bosh imomi Ahmad al-Toyib tomonidan ilgari surilgan.

«Shayx Zoid nomidagi “Insoniy birodarlik” mukofotining hayʼat aʼzosi boʻlish taklifini benihoya minnatdorlik bilan qabul qilmoqdaman.
Ushbu mukofot nizolar, tushunmovchiliklar tufayli parokanda boʻlgan jahonda mehr-oqibat, jasorat va birdamlik tuygʻulari qanchalik noyobligini, qanchalik tahsinga sazovor ekanligini yodga soladi.
Odamzodning yorugʻ kelajagi oʻzaro munosabatlarga bogʻliqligiga chin dildan ishonadigan, jasur, uzoqni koʻra biladigan insonlar bilan yelkama-yelka faoliyat yuritish men uchun sharafdir» deydi u.

Hakamlar hayʼatining olti nafar aʼzosi quyidagilar:

  • Saida Mirziyoyeva – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari
  • Keterin Rassell – YUNICEF ijrochi direktori
  • Sharl Mishel – Yevropa Kengashining sobiq prezidenti, Belgiya sobiq bosh vaziri
  • Moussa Faki Mahamat – Afrika Ittifoqi Komissiyasining sobiq raisi, Chad sobiq bosh vaziri
  • Kardinal Xose Tolentino de Mendonsa – Muqaddas Taxtning Madaniyat va taʼlim boʻyicha dikasteriyasi prefekti
  • Sudya Muhammad Abdelsalom – Zoyid nomidagi Inson birodarligi mukofoti Bosh kotibi.

Zoyid xalqaro mukofoti – dunyo boʻylab turli soha va mintaqalardan kelgan, insonparvarlik, birodarlik va hamjihatlik tamoyillarini ilgari surish yoʻlida fidokorona xizmat qilayotgan shaxslar hamda tashkilotlarni taqdirlashga qaratilgan.

Mukofot nomi Birlashgan Arab Amirliklari asoschisi, marhum Shayx Zoyid bin Sulton Al Nahayon sharafiga qoʻyilgan.

Turli sohalarda faoliyat yuritadigan va xilma-xil tajribaga ega hakamlar hayʼati 60 dan ortiq davlatlardan kelib tushgan nomzodlarni baholab, iqlim oʻzgarishi, kambagʻallikka qarshi kurash, jamiyat rivojlanishi va sogʻliqni saqlash kabi turli insonparvarlik tashabbuslari boʻyicha tanlov oʻtkazadi.