Saida Mirziyoyeva “Moodyʼs” xalqaro reyting agentligi Oʻzbekistonning suveren kredit reytingi boʻyicha prognozini “barqaror“dan “ijobiy“ga oʻzgartirganidan xursand ekanini bildirdi.
Bu Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlar dasturiga berilgan ijobiy baho, shuningdek, tanlangan yoʻl toʻgʻriligining tasdigʻi boʻldi, — deydi Prezident yordamchisi.
Bugungi kunda Oʻzbekiston xorijiy investorlar tomonidan global beqarorlik sharoitida ham barqaror oʻsishga qodirligini namoyon etayotgan ishonchli hamkor sifatida qabul qilinmoqda. Bu saʼy-harakatlarning barchasi IV Toshkent xalqaro investitsiya forumining muvaffaqiyatli oʻtkazilganida oʻz aksini topdi.
Prognozning yaxshilanishi 2030-yilga borib Oʻzbekistonning kredit reytingini ishonchli investitsion darajaga koʻtarish boʻyicha qoʻyilgan maqsad sari birinchi qadamdir. Shu bilan birga, koʻzlangan maqsadga faqat umumiy saʼy-harakatlar bilangina, iqtisodiyotimizning raqobatbardoshligini oshirish va makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish orqali erishish mumkinligini anglash muhim, — deb yozadi Saida Mirziyoyeva oʻzining Telegram kanalida.