Bu haqda Bojxona qoʻmitasi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish boʻlimi hamda DXX Chegara qoʻshinlari hamkorligida Boʻstonliq tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda respublika hududidan noqonuniy tarzda qush olib chiqishga uringan shaxs qoʻlga olindi.
Maʼlumotlarga koʻra, “Oqtosh” qoʻriqlov punkti orqali davlat chegarasini buzib oʻtishga uringan shaxs toʻxtatib tekshirilganda, uning sumkasidan 8 bosh tirik lochin qushi aniqlandi.
Noqonuniy olib oʻtish jarayonida qushlarga shafqatsiz munosabatda boʻlingani maʼlum boʻldi: ularning koʻz va oyoqlari bogʻlangan, qanotlari skotchlangan hamda tor sumkaga zichlab joylangan.
Ekologlar taʼkidlashicha, ushbu lochinlar Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan turlardan hisoblanadi. Hozirda qushlar Toshkent hayvonot bogʻiga topshirilgan.
Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.