Sakkiz yuzga yaqin yoshlar ish bilan taʼminlanadi

    Qarshi shahridagi “Xontepa” mahalllasi hududida viloyatda ilk bor yangi Yoshlar sanoat zonasi ish boshladi.

    Davlatimiz rahbari tomonidan joylarda yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish va ularning bandligini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli chora-tadbirlar oʻz natijasini bermoqda. Hududlarda asosan yigit-qizlarni ish bilan band qilish, boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishga koʻmaklashishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Buning samarasi esa amalda namoyon boʻlmoqda.

    Xususan, Prezidentimizning 2021-yil 21-apreldagi “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarni tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash yuzasidan hududlarda ishlar amalga oshirilmoqda.

    Jumladan, yaqinda Qarshi shahridagi “Xontepa” mahalla fuqarolar yigʻini hududida ish boshlagan Yoshlar kichik sanoat zonasi ham bugun koʻp sonli yoshlarni bandligini taʼminlashga xizmat qilmoqda. Ularning oʻz kasbiga ega boʻlib, vaqtini foydali oʻtishiga, mehnatiga yarasha maosh olishiga zamin yaratilmoqda.

    Jami 2 gektar yer maydoniga ega boʻlgan, shu paytgacha foydalanilmay kelinayotgan hududda ayni paytda 24 ta lotga yosh tadbirkorlar tomonidan qiymati 27 milliard soʻmni tashkil etuvchi 21 ta loyihalar joylashtirilib, qisqa vaqtning ichida 18 ta tadbirkorlik loyihasi 23 milliard soʻm mablagʻ evaziga ishga tushirildi.

    — Tegishli qarorga asosan tadbirkorlarga foydalanish maqsadida auksionsiz tarzda berildi, — deydi Qarshi shahar hokimi Normoʻmin Xolboyev.—Shuningdek, shu joyning oʻzidagi baʼzi bir boʻsh turgan toʻrtta bino ham tadbirkorlar ixtiyoriga topshirildi. Hozirda bosqichma-bosqich ishga tushirilmoqda. Maqsadimiz yoshlarni oʻz ishiga ega boʻlishiga erishish. Albatta, har bir yosh qiziquvchan boʻladi. Bu vaqtda biror ish bilan band boʻlmasa turli yot narsalarga chalgʻishi, vaqtini behuda sarflashi mumkin. Shu bois yangi tashkil etilgan sanoat zonasida toʻliq quvvatda ishga tushgach sakkiz yuzga yaqin yoshlarimiz ish bilan taʼminlanadi. Bu esa, oldimizga qoʻygan eng asosiy maqsadlarimizdan biri hisoblanadi.

    Ayni paytda ushbu sanoat zonasida qisqa vaqtning oʻzida 346 nafar yoshlar ishga qabul qilinibdi. Hozirda esa, bu jarayon davom ettirilmoqda.

    — Yangi ish oʻrni ochilibdi, deb eshitib qoldim, — deydi Yoshlar sanoat zonasidagi tikuvchilik sexiga ishga kirgan tikuvchi Kamola Tursunova. —Anchadan beri ishsiz edim. Kelib, murojaat qilgandim tikuvchilikka qabul qilishdi. Bu kasbga yoshligimdan qiziqaman. Bu yerga kelganimga hali ikki kun boʻldi. Oʻzim shu “Xontepa” mahallasida istiqomat qilaman. Aynan bizning mahallamizda buni tashkil etilishi biz kabi ishsiz xotin-qizlarga juda qoʻlay boʻldi. Oylik maoshlari ham yaxshi ekan. Hozircha bir yarim million soʻm qilib belgilashdi. Keyinchalik ish tajribamiz oshib borgach, yanada maosh koʻpaytirilib berilishi haqida tushuntirib oʻtishdi. Barcha imkoniyatlar mavjud. Bu yerdagi ishchi-xizmatchilarga ham sharoitlar yaratilgan. Oʻz ishimni topganimdan mamnunman.

    Yoshlar kichik sanoat zonasida hozirda 11 ta toʻqimachilik, 8 ta mebel va 1 kimyo sanoati boʻyicha ish oʻrinlari yaratilgan. Tadbirkorlar tomonidan ishni oʻrni yaratilishi esa, shu mahalla yoshlari uchun ham anchagina qoʻlaylik tugʻdirdi.

    — Mahallamizda shu paytgacha 56 nafar ishsiz yoshlar bor edi,— deydi Qarshi shahridagi “Xontepa” mahalla fuqarolar yigʻini yoshlar yetakchisi Qahramon Temirov.— Bugun esa aynan mahallamizda Yoshlar kichik sanoat zonasining ish boshlashi oqibatida 50 nafar yoshlarimiz ish bilan taʼminlandi. Bugun ham toʻrt nafar yoshlarimizni shu yerga ishga qabul qilishdi. Asosan yigitlar mebel ishlab chiqarish sexiga ishga kirishmoqda. Bu yerda maosh ham yaxshigina ekan. Shuningdek, oʻzlari yaxshigina hunar urganishlari uchun ham ancha qulay. Hozirda mahallamizda olti nafar kishi ishsiz. Ular ham oliy uquv yurtlari talabalari hisoblanishadi. Tez orada ularni ham bandligini taʼminlashga erishamiz. Bir soʻz bilan aytganda, yoshlar uchun bu sanoat zonasi kerakli vaqtda ishga tushdi.

    Akbar RAHMONOV,
    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri