Saksovul savdosi bilan shugʻullanib kelgan shaxslar jarimaga tortildi

    Buxoro viloyatining Peshku tuman boʻlimi inspektorlari tomonidan choʻl hududlarida navbatdagi reyd tadbiri oʻtkazildi.

    Bu haqda Buxoro viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

    Oʻtkazilgan tezkor reyd tadbirlarida viloyatning Peshku tumanida yashovchi fuqaro Q.A. choʻl hududidan tabiiy holatda oʻsgan saksovul oʻsimliklarini noqonuniy tarzda sindirib, olib ketayotganligi aniqlandi.

    Holat yuzasidan huquqbuzarga fuqaroga nisbatan MJtKning 79-modda 1-qismiga asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 9 375 000 soʻm jarima hamda tabiatga yetkazilgan zarar 78 750 000 soʻm qoʻllanildi.

    Maʼlumot uchun: Saksovul-choʻlda oʻsuvchi daraxt koʻrinishidagi oʻsimlik. Saksovullarning asosiy xususiyati-sahro tuprogʻini shamollardan pana qilib, eroziya tarqalishini oldini oladi. Bu esa hududlar choʻllashuvini oldini oladi hamda sahro ekosistemasini saqlanib qolishini taʼminlaydi

    Saksovulning tanasi burama shaklga ega boʻlib, yuzasi silliq boʻladi. Daraxtning shox-shabbalari qalin va yashil tusda boʻladi. Oʻsimlik gullaganda pushti va malina rangli gulchalar paydo boʻladi. Koʻrinishidan omonatgina koʻrinsa xam, kuchli tomir tizimi evaziga saksovullar choʻl va toshli yerlarga mustahkam oʻrnashadi.