Qadimiy va navqiron Samarqand yana bir bor dunyo nigohini oʻziga qaratdi. Asrlar davomida ilm-fan, savdo va buyuk madaniyatlar chorrahasi boʻlgan bu koʻhna zamin tagʻin bashariyat aql-zakovatining mayogʻi oʻlaroq porlayotir.

15-sentyabr kuni Samarqand shahridagi “Silk Road” xalqaro turizm markazida 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi tantanali ravishda ochiladi. 1927-yildan buyon oʻtkazib kelinayotgan va qitʼalarni birlashtiruvchi ushbu nufuzli musobaqa tarixida Markaziy Osiyoda Oʻzbekiston ilk bor shaxmat olamining eng yirik jamoaviy turniriga mezbonlik qilyapti. 2022-yil 31-iyul — 9-avgust kunlari Xalqaro shaxmat federatsiyasining Hindistonning Chennay shahrida boʻlib oʻtgan kongres­sida 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi hamda FIDEning navbatdagi kongressini 2026-yilda Oʻzbekistonda oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan edi.

Darhaqiqat, ayni tarixiy tanlov oʻz-oʻzidan yoki tasodif tufayli yuz bergani yoʻq, bu yangi Oʻzbekistondagi uzoqni koʻzlagan va puxta oʻylangan taraqqiyot yoʻlining mantiqiy hosilasidir. Bu mamlakatimizda yoshlarning intellektual quvvatiga tikilayotgan ulkan sarmoyalar xalqaro maydonda davlatimiz nufuzini yuksaltirish barobarida oʻzining chinakam mevalarini bera boshlaganini anglatadi.

Samarqand olimpiadasi koʻlami va ishtirokchilar soni boʻyicha shaxmat tarixidagi rekordlarni yangilayotir. Nufuzli musobaqada jami 396 ta jamoa ishtirok etadi. Vaholanki, 2024-yili Budapeshtda oʻrnatilgan 380 ta jamoalik mutlaq rekord ham endilikda tarixga aylanyapti. Shu bilan birga, nafaqat asosiy olimpiada, olimpiada doirasidagi III shaxmat paralimpiadasi hamda FIDEning 97-kongressiga ham Samarqand mezbonlik qilmoqda.

Joriy yil 10-sentyabr kuni III shaxmat paralimpiadasiga tantanali ravishda start berildi. 200 dan ortiq mamlakatdan kelgan nufuzli delegatsiyalar, noyob iqtidor egalari va ularning ustozlari bitta maydonda birlashdi. Joriy yilgi parashaxmat bahslarida jami 41 ta jamoa dona surayotgani ayni yoʻnalishda ham oʻziga xos rekorddir. Zero, Belgrad-2023 turnirida 26 ta, Ostona-2024 da esa 34 ta jamoa ishtirok etgan edi.

Samarqandda jami 205 shaxmatchi, jumladan, 150 erkak va 46 ayol paralimpiyachi bahslashishi ham Oʻzbekistonda inklyuziv jamiyat qurish hamda sportni qoʻllab-quvvatlash amalda qanday muhim va ustuvor ekanining ishonchli namunasi.

Tabiiy savol tugʻiladi: nima uchun aynan Oʻzbekiston, qadim Samarqand shahri bunday ulkan intellektual qutbga aylandi? Bu savol zamirida teran ijtimoiy-siyosiy haqiqat yotibdi. Bugungi Oʻzbekiston oʻz siyosatida inson kapitalini rivojlantirish masalasini oliy darajaga olib chiqa oldi.

Yoshlar taʼlim-tarbiyasiga, xususan, sportga qaratilayotgan eʼtibor faqat minbarlarda yangraydigan quruq shiorlar boʻlib qolmadi, balki amaliy, koʻz bilan koʻrib, his qilsa boʻladigan chinakam strategik harakatga aylandi. Shu asnoda chuqur tahlil, uzoqni koʻzlovchi strategiya hamda teran mantiqni talab etadigan shaxmat millat genofondini charxlovchi ishonchli mulkimiz sifatida yuksaldi.

Aql gimnastikasiga qaratilayotgan tizimli, davlat miqyosidagi eʼtibor qisqa vaqt ichidayoq samarasini bera boshladi. Jahon arenalarida oʻzbek shaxmat maktabi vakillarining ketma-ket quchayotgan zafarlari faqatgina omad emas, oqilona va tizimli islohotlar natijasi desak, haq gapni aytgan boʻlamiz. Eng muhimi, yoshlarimiz xalqaro maydonga faqatgina sportchi boʻlib emas, yangi Oʻzbekistonning yuksak tafakkurini dunyoga koʻrsatib beruvchi elchilar sifatida qadam bosmoqda.

Birgina misolga eʼtiboringizni qaratmoqchiman: bugun butun shaxmat olami Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov kabi kelajagi porloq, yosh grossmeysterlarimizning fenomenal oʻyin uslubini hayrat va oʻzgacha haya­jon bilan kuzatmoqda, oʻrganmoqda. Bu yigitlar oʻzidan yosh jihatdan katta va ancha tajribali raqiblarni shoshirib qoʻyadigan darajada qoyilmaqom ­yurishlar qila olishini allaqachon isbotlab boʻldi. Hozirgi kunda dunyoning eng nomdor, magʻlubiyatsiz chempionlari ham shaxmat taxtasida oʻzbek yoshlari bilan roʻbaroʻ kelganda tavakkal qilishdan choʻchib, ehtiyotkorlik bilan harakat qilishga majbur boʻlmoqda. Nega deganda, ularning ortida xalqimizning yuksak ishonchi va duosi, ulugʻ ajdodlarimizdan meros botiniy quvvat turibdi. Mana shunday sogʻlom muhitda kamol topayotgan yangi avlod esa Uchinchi Renessans poydevorini faqat aqliy barkamollik, ilm-fan va buyuk tafakkur bilangina qura olishini hayotiy haqiqat sifatida qabul qilyapti. Zotan, Uchinchi Renessans faqatgina iqtisodiy raqamlar yoki infratuzilmalar bilangina oʻlchanib qolmaydi. Uning asl tayanch nuqtalari kuchli tafakkur, maʼrifat va yengilmas irodadir. Shaxmat esa ana shu qadriyatlarni, mantiq va hayotiy strategiyani oʻziga jamlagan noyob oʻyin.

Shaxmat taxtasidagi oq va qora donalar ramziy maʼnoda dunyodagi ayovsiz siyo­siy qarama-qarshiliklarni eslatishi mumkin, ammo partiya yakunida doim insoniylik hamda doʻstlik qoʻllari gʻalaba qozonishi jahon diplomatiyasi uchun bebaho ibrat maktabi. Bugun yangi Oʻzbekiston oʻz tarixida shunday nufuzli, keng qamrovdagi jamoaviy chempionatni qabul qilar ekan, bu orqali faqatgina sportdagi salohiyatini emas, yuqori darajadagi tashkilotchilik qobiliyati va ezgulik gʻoyalarida sobitqadamligini ham jahon hamjamiyatiga namoyish etmoqda goʻyo. Eʼtibor qilsangiz, chuqur oʻylangan, dadil qarorlar faqat shaxmat taxtasida emas, mamlakatni rivojlantirish, uning kelajagini qurishda ham qanchalik hal qiluvchi kuch ekanini yangi Oʻzbekiston timsolida koʻrish mumkin. Zero, tafakkur va aql-zakovat oliy qad­riyatga aylangan mamlakatda taraqqiyot karvoni hech qachon toʻxtab qolmaydi, aksincha, u buyuk kelajakning poydevoriga aylanib boraveradi.

Jonibek ALIJONOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri