Bugungi kunda “Dok-1 Maks” dori vositasi Oʻzbekiston bozoriga kirib kelishi oldi olinyaptimi?

Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona qoʻmitasi axborot xizmati rahbari Husan Tangriyev quyidagilarni soʻzlab berdi.

Maʼlum boʻlishicha, “Dok-1 Maks” dori vositasi Oʻzbekiston bozoriga 2012-yildan kirib kelgan. Mutaxassislarning maʼlum qilishicha, mazkur dori vositasining shu davr mobaynida nojoʻya taʼsiri boʻlmagan. Faqatgina bir partiyasida bunday nojoʻya taʼsir kuzatilgan.

Amaldagi tartiblarga koʻra dori vositasini erkin muomalaga chiqarishda dori vositasining Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtganligini tasdiqlovchi guvohnoma hamda olib kirilayotgan dorilarning har bir seriyasi uchun muvofiqlik sertifikatlari bojxona organlariga taqdim qilinadi.

Shundan soʻnggina dori vositalari bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkaziladi. Maʼlumot oʻrnida, respublikamiz bojxonachilari joriy yilning oʻtgan davri mobaynida aniqlangan 719 ta bojxona qonunbuzilish holatlarida qiymati 24,4 milliard soʻmlik dori vositalarining noqonuniy muomalasiga chek qoʻydi. Mazkur dori vositalari sifatsiz va davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagani uchun hamda tashish va saqlash qoidalariga rioya etilmagani uchun olib qoʻyilgan.

“Dok-1 Maks” dori vositasi saqlanayotgan bojxona omborida mazkur dorining joriy yil dekabr oyida keltirilgan 3 ta partiyasi, yaʼni salkam 60 ming qutisi qatʼiy nazorat ostida saqlanmoqda.

Shuningdek, ilgari keltirilib, erkin muomalaga chiqarilishi lozim boʻlgan yana 2 ta partiyadagi ushbu dori vositasi ham ushlab turilibdi. Bojxona organlari tomonidan salbiy holatlar kuzatilgan ilk kunlardanoq dori vositasini erkin muomalaga chiqarmaslik uchun barcha choralar koʻrilgan va hozirda qatʼiy nazorat ostida.