Salomatlik aksiyasi davom etadi: navbat Toshkent viloyatiga!

    Salomatlik 1 Mart 2021 1304

    Namangan viloyatidan boshlangan Sogʻliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan tashkillashtirilgan “Bor mehrimiz shu Vatan, shu xalq uchun!” shiori ostidagi salomatlik aksiyasi oʻtgan haftadan boshlab Surxondaryoda va bugun esa Toshkent viloyatida davom etmoqda.

    Aksiya doirasida malakali tibbiyot xodimlari, jumladan, vazirlik tarkibiy tuzilmalari rahbarlari, poytaxtdagi tibbiyot oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari va ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining rahbarlari ikki viloyatga ham safarbar qilindi.

    Bugun poytaxtdagi tibbiyot muassasalaridan va tibbiyot oliy oʻquv yurtlarining rahbarlari hamda mutaxassislari Toshkent viloyatiga yoʻl oldi.

    Aksiya davomidagi tadbirlar mahallabay kesimda oʻtkazilib, “temir daftar”ga kiritilgan fuqarolar poytaxtlik shifokorlar tomonidan oʻz uylarida koʻrikdan oʻtkaziladi, kerakli davo choralarini oladi hamda zarur hollarda tibbiyot muassasalariga yetkazilib, ularda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari amalga oshiriladi.

    Nogironligi boʻlgan va boshqa muhtoj shaxslar protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan taʼminlanadi.

    Aksiya davomida bir qancha jarrohlik amaliyotlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Xususan, buyrak transplantatsiyasi, endoprotezlash, yurakka stent oʻrnatish kabi eng murakkab jarrohlik amaliyotlari tibbiy koʻrsatmaga qarab, viloyat yoki poytaxtimizdagi eng nufuzli muassasalarda bepul amalga oshirilishi moʻljallangan.

    Toshkent viloyatining 2,9 million nafar aholisiga 245 ta davolash-profilaktika va yordamchi muassasalar tomonidan tibbiy xizmat koʻrsatiladi.

    Viloyatda 2019-yilga nisbatan 2020-yilda nafas aʼzolari kasalliklari 37 foizga, ovqat hazm qilish aʼzolari kasalliklari 12 foizga, qon va qon yaratish aʼzolari kasalliklari 8 foizga, suyak-boʻgʻim kasalliklari 6 foizga, endokrin tizimi kasalliklari 4,8 foizga kamaygan boʻlishiga qaramasdan, aholining salomatlik koʻrsatkichlarini yana-da yaxshilash, davolanishga imkoniyati boʻlmagan bemorlarga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish salomatlik aksiyasining asosiy vazifalaridandir.

    “Bor mehrimiz shu Vatan, shu xalq uchun!” shiori ostidagi aksiya doirasida Toshkent viloyatiga yoʻl olgan mutaxassislar orasida infeksionist, epidemiolog, terapevt, nevropatolog, anesteziolog, bolalar anesteziologi, reanimatolog, pediatr, onkolog, dermatolog, otorinolaringolog, akusher-ginekolog, urolog, xirurg, oftalmolog, kardiolog, endokrinolog, travmatolog, ftiziatr, pulmonolog, neyroxirurg, narkolog, nefrolog, allergolog, gematolog kabi oʻz sohasining ustalari bor.

    Taʼkidlash joizki, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida davom etayotgan salomatlik aksiyasida 250 nafardan ortiq markazdan borgan, 1000 nafardan ziyod mahalliy shifokorlar ishtirok etmoqda.

    Jarayonning borishi haqida keyingi xabarlarimizda maʼlumot berib boramiz.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi

    Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.