Dastlab Namangan viloyatidan boshlangan mazkur yirik aksiya hududlarda sogʻliqni saqlash tizimidagi islohotlarning ijro holatini oʻrganish, ijtimoiy himoyaga muhtoj va “temir daftar”ga kiritilgan aholiga yuqori texnologik zamonaviy tibbiy yordam koʻrsatish maqsadida tashkil etildi.

Aksiya Toshkent viloyatida ham oʻtkazilib, unga 100 nafardan ziyod malakali tibbiyot xodimlari, jumladan, vazirlik tarkibiy tuzilmalari rahbarlari, poytaxtdagi tibbiyot oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari va ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining rahbarlari jalb qilindi. Salomatlik aksiyasi doirasida mahallabay tarzida bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatish, kerak boʻlsa, jiddiy jarrohlik amaliyotlari ham amalga oshirilyapti.

Ayniqsa, “temir daftar”, “ayollar daftari”ga kiritilgan bemorlarga oʻtkazilayotgan yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari katta ahamiyat kasb etmoqda.

Jumladan, kuni kecha Toshkent viloyati bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazida boʻlib oʻtgan jarrohlik amaliyotida 5 yoshli bolalikdan nogiron Xudoyberdi Toʻychiyevga Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining malakali mutaxassislari tomonidan yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi. Yaʼni ikkala qoʻl tugʻma maymoqligi tashxisi boʻyicha bemorga chap qoʻl birinchi bosqich chap qoʻl tirsak sohasiga destrakson ilizarov apparati oʻrnatildi.

Toshkent viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi

Axborot xizmati.