Samara viloyatida O'zbekiston fuqarolarini olib ketayotgan avtobus halokatga uchradi

    Qozog'istonda ro'yxatdan o'tgan avtobus Samara viloyatining (Rossiya Federatsiyasi) Kinel tumanida ag'darilib ketdi.

    Ikki yo'lovchi hayotdan ko'z yumdi, o'n nafar yo'lovchi shifoxonaga yotqizildi, deb xabar qildi viloyat Yo'l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati. Halok bo'lganlar va jarohatlanganlarning millati aniqlanmagan, biroq avtobus Nijniy Novgorodga O'zbekiston fuqarolarini olib ketayotgani ma'lum.

    Taxminan 1:00 (Moskva vaqti bilan 0:00) da Ural-Muxanovo yo'lining 26-kilometrida Scania avtobusi bilan yo'l-transport hodisasi sodir bo'ldi. Yo'l harakati politsiyasi ma'lumotlariga ko'ra, haydovchi “yo'l harakati xavfsizligini ta'minlamaydigan tezlikni tanlagan va transport vositasining yo'lni tark etishiga, keyin esa ag'darilib ketishiga imkon bergan”.

    Hodisa joyida tergov-tezkor guruhi, viloyat Davlat yo'l inspeksiyasi rahbariyati va Rossiya Federatsiyasi IIB hududiy boshqarmasi ishlamoqda. Politsiya voqea sabablarini aniqlashda davom etmoqda, deb xabar beradi kommersant.ru.

    Kinel tumani Samara viloyatining markazida joylashgan. Ma'muriy markazi — Kinel shahri.