Samara viloyatida sodir boʻlgan baxtsiz hodisa oqibatida ikki oʻzbekistonlik halok boʻldi

    Zarur yordam koʻrsatish maqsadida Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchisi va Qozon shahridagi Bosh konsullik xodimlari voqea joyiga yetib borishdi.

    Bu haqda Oʻzbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi Elchixonasi xabar qildi.

    Avval xabar qilganimizdek, 2024-yil 8-aprel kuni Samara viloyatida (Rossiya Federatsiyasi) Chimkent-Nijniy Novgorod yoʻnalishi boʻylab harakatlanayotgan avtobus yoʻldan chiqib ketib, agʻdarilib ketgan. Hodisa Samara viloyatidagi Ural-Muxanovo trassasida sodir boʻlgan.

    Hodisa vaqtida avtobusda 66 yoʻlovchi boʻlgan. Oqibatda ikki nafar Oʻzbekiston fuqarosi halok boʻldi, 20 ga yaqin kishi jarohat oldi va tibbiyot muassasalariga joylashtirildi.

    Zarur yordam koʻrsatish maqsadida Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchisi va Qozon shahridagi Bosh konsullik xodimlari voqea joyiga yetib borishdi.

    Bu borada diplomatlarimiz Rossiya Federatsiyasining Samara viloyatidagi tegishli tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda. Vaziyat alohida nazorat ostida.

    Elchixona hodisada halok boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi.