Marafonda 35 davlatdan 3 mingga yaqin sportchi onlayn qatnashdi. Virtual poyga formati yarim marafon ishtirokchilariga joy va masofani tanlash erkinligini berdi. O'zbekistonning barcha hududlarida ham tadbirda ishtirok etish uchun teng imkoniyatlar yaratildi.
Bugun 21 kilometrlik masofaga Registon maydonidan start olgan musobaqa ishtirokchilari Bibixonim, Afrosiyob, Hazrati Xizr, Xo'ja Doniyor maqbarasi, Ulug'bek va Shohizinda rasadxonalari kabi shaharning diqqatga sazovor joylaridan yugurib o'tdi.
Erkaklar o'rtasida Toshkent viloyati vakili Andrey Petrov birinchi bo'lib marraga etib keldi. Qizlar o'rtasidagi bahsda esa o'n ming metrga yugurishda O'zbekiston rekordchisi, surxondaryolik Sitora Hamidova g'olib bo'ldi.
Erkaklar va ayollar o'rtasida har bir yo'nalishda eng yaxshi natija ko'rsatgan 5 nafardan qatnashchi tashkilotchilar tomonidan pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Jumladan, 1-o'ringa 12 million so'm, 2-o'ringa 10 million so'm, 3-o'ringa 8 million so'm, 4-o'ringa 6 million so'm, 5-o'ringa 5 million so'm berildi.
Ta'kidlash joiz, “Samarkand Half Marathon” doirasidagi turli formatdagi yugurish musobaqalari yurtimiz bo'ylab davom etadi.
Mazkur musobaqa har yili madaniyat va san'at ob'ektlaridagi mavjud inklyuziv muammolarga jamoatchilik e'tiborini qaratish, shuningdek, mamlakatimizda sog'lom turmush tarzi va sport turizmini rivojlantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.