“Samarqand — Yangi Oʻzbekistonning turizm darvozasi” targʻibot kampaniyasi oʻtkaziladi

    Turizm 19 Sentabr 2022 1198

    Davlat rahbari soha oldida turgan yana 6 ta katta masala yechimi boʻyicha navbatdagi vazifalarni belgilab berdi.

    "Oʻtgan hafta Samarqandda yangi barpo etilgan Turistik markazda yirik xalqaro tarixiy tadbir – Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitini yuqori saviyada oʻtkazdik.

    Bunda xalqimiz, davlatimiz yuksak madaniyati va bunyodkorlik salohiyatini yana bir bor namoyon etdi.

    Shanxay hamkorlik tashkilotiga Oʻzbekiston raisligi va Samarqand sammiti doirasidagi keng koʻlamli ishlarimiz va tashabbuslarimizga xalqaro tashkilotlar, ishtirokchi davlatlar rahbarlari yuqori baho bergani barchamizga gʻurur bagʻishlaydi.

    Samarqandda barpo etilgan yangi aeroport, 8 ta mehmonxona, kongress-xoll, park, boshqa koʻngilochar va dam olish majmualari – mamlakatimiz tarixida yangi turizm darvozasi va Yangi Oʻzbekistonning “tashrif qogʻozi”ga aylanishiga aminman", dedi Prezident.

    Endi ularni ham oʻzimizning aholi, ham xorijiy sayyohlar uchun ishlatishimiz kerakligi taʼkidlandi.

    Shu bois Tashqi ishlar vazirligiga:

    - “Samarqand – Yangi Oʻzbekistonning turizm darvozasi” targʻibot kampaniyasini oʻtkazish;

    - Samarqandga sayohlar oqimini oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlash topshirildi.

    Elchixonalar oldiga xorijiy mamlakatlarda targʻibot kampaniyasi, xorijiy ommaviy axborot vositalari, mashhur turistik blogerlar uchun press-turlar tashkil etish vazifasi qoʻyildi.