Oʻzbekiston 24 telekanali reportajida Samarqand aeroportini rekonstruksiyasi qilish uchun umumiy miqdorda 62 mln dollar ajratilayotgani haqida maʼlumot berildi.
Reportajda aytilishicha, qayta qurish ishlari yakunlanganidan soʻng, aeroport oʻz oʻtkazish qobiliyatini soatiga 600 dan 1200 yoʻlovchiga oshirishi mumkin. 22 ta havo kema uchun toʻxtash va uchish-qoʻnish yoʻlagi qurilishi ham yakunlanmoqda.
Loyihani Turkiyaning Kiklop va Oʻzbekistonning Primetime Group kompaniyasi amalga oshiradi. Pudratchi vazifasini esa Enter Engineering kompaniyasi bajaradi.
“Bugungi kunda korxonada 245 nafar quruvchi barcha sanitariya-gigiyena talablariga javob beradigan tarzda ishlamoqda. Ish jadvalga muvofiq rivojlanmoqda. Inshoot qurib bitkazilganidan soʻng, ushbu xalqaro aeroport yiliga 1,4 mln yoʻlovchini qabul qila oladi, bu esa mintaqada turizmni rivojlantirishga ijobiy taʼsir koʻrsatadi”, deydi terminal qurilishi direktori Bahrom Usmonov.
Qurilish ishlarini tugatish va foydalanishga topshirish 2021-yilgacha moʻljallangan. Samarqand aeroporti rekonstruksiya ishlari tugagandan soʻng “Ochiq osmon” rejimi yoʻlga qoʻyiladi.