Samarqand aeroportida zargarlik buyumlari toʻxtatib qolindi

    Samarqand xalqaro aeroportiga “Dubay-Samarqand” aviareysi bilan uchib kelgan shaxs yashil yoʻlak orqali bojxona nazoratidan oʻtar ekan, uning qoʻl yuklari xodimlar tomonidan xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi.

    Sumkadan yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida yozib koʻrsatilmagan hamda bojsiz olib kirish normasidan ortiqcha, qiymati 96 million soʻmlik 192 gramm tilla taqinchoqlarni yashirincha olib kirmoqchi boʻlgani fosh boʻldi.

    Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

    Eslatib oʻtamiz, amaldagi qonunchilikka koʻra xalqaro aeroportlar orqali jismoniy shaxslar bojxona chegarasi orqali bojxona toʻlovlarisiz umumiy ogʻirligi 65 grammdan koʻp boʻlmagan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan zargarlik buyumlarini olib kirishlari mumkin.