Samarqand davlat tibbiyot universiteti talabalari AQSHda oʻqiydi va malaka oshiradi

    Samarqand davlat tibbiyot universiteti Vebster universiteti bilan hamkorlik boʻyicha uch tomonlama memorandum imzoladi.

    Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotiga koʻra, hujjatga muvofiq, 2024/2025 oʻquv yilidan “3+1 shaklidagi “Hamshiralik ishi” qoʻshma taʼlim dasturi amalga oshirilib, Samarqand davlat tibbiyot universiteti talabalari AQSHning nufuzli universitetida tahsil olish hamda malaka oshirish imkoniyatiga ega boʻladi.

    Maʼlum qilinishicha, Samarqand davlat tibbiyot universiteti AQSHning Vebster universiteti bilan bir necha yildan beri hamkorlik qilib keladi.

    Xususan, ikki muassasa oʻrtasida “Tibbiy biologiya” va “Oliy hamshiralik” yoʻnalishlari boʻyicha Amerika standartlari asosida malakali mutaxassislar tayyorlashga koʻmaklashish yuzasidan kelishuvga erishilgan.

    Hamkorlik boʻyicha uch tomonlama memorandum ham mazkur kelishuv doirasida imzolandi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.