Samarqand davlat universitetining Oʻzbekiston-Finlyandiya pedagogika instituti tashkil etildi

    Ta'lim 30 Iyun 2021 6515

    Hukumat qarori (408-son, 29.06.2021-y.) bilan Samarqand davlat universitetining Pedagogika instituti negizida Samarqand davlat universitetining Oʻzbekiston-Finlyandiya pedagogika instituti tashkil etildi.

    Institut davlat oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi.

    Pedagogika sohasi boʻyicha tarbiya va oʻqitish usullari, taʼlim jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qoʻllash koʻnikmalariga ega professional oliy maʼlumotli kadrlarni tayyorlash Institutning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.

    Institutda oʻquv jarayoni:

    Finlyandiya taʼlim dasturlari va texnologiyalari asosida tashkil etiladi;

    2021/2022 oʻquv yilidan boshlanadi.

    Shunga koʻra, Universitetda pedagogika taʼlim sohasining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va ularning negizidagi tegishli magistratura mutaxassisliklari boʻyicha qabul toʻxtatiladi.

    2021/2022 oʻquv yili uchun Institutga kunduzgi, sirtqi hamda kechki taʼlim shakli boʻyicha qabul parametrlari davlat komissiyasi qaroriga asosan, 2022/2023 oʻquv yilidan esa har yili tasdiqlanadigan respublika OTMga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.