Samarqand hokimi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarining sovrindorlariga uy sovgʻa qildi

    Sport 15 Sentabr 2021 2641

    Samarqand shahrida Tokioda boʻlib oʻtgan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya oʻyinlari gʻoliblari va ishtirokchilarini taqdirlash tadbiri boʻlib oʻtdi. Unda viloyat hokimi E.Turdimov qatnashib, barcha Olimpiyachilarimizni erishilgan muvaffaqiyat bilan qutlab oʻtdi.

    “Hammamiz musobaqani katta hayajon va qiziqish bilan kuzatib bordik. Shuni alohida mamnuniyat bilan aytib oʻtmoqchimanki, Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga yoʻllanmani qoʻlga kiritish va unda ishtirok etishning oʻzi bir sharafdir. Shunday ekan, unda ishtirok etgan barcha sportchilarimizga va ularning ustoz, murabbiylariga alohida minnatdorchilik bildiraman”, – dedi viloyat hokimi.

    Erishilgan har bir natijadan soʻng, ayniqsa, davlatimiz bayrogʻi yuksaklikka koʻtarilib, madhiyamiz baralla yangraganda barchalarimizning qalblarimiz gʻurur va iftixorga toʻldi.

    Taʼkidlash joiz, Samarqanddan Olimpiada oʻyinlarida 10 nafar, Paralimpiya oʻyinlarida esa 4 nafar sportchilari ishtirok etib, qator medallarga sazovor boʻlishdi. Paralimpiya chempioni Husniddin Norbekovga Samarqand shahridan uch xonali, Paralimpiya oʻyinlari kumush medal sohibi Parvina Samandarova hamda dzyudo boʻyicha Olimpiya oʻyinlari bronza medali sovrindori Davlat Bobonovga esa ikki xonali uyning kaliti topshirildi.

    Shuningdek, Olimpiya oʻyinlarida qatnashish uchun litsenziyani qoʻlga kiritgan sportchilarga Samarqand shahridan boshlangʻich toʻlovi toʻlangan ikki xonali uy hamda ularning murabbiylariga 25 million soʻmdan pul mukofoti berildi.