Samarqand-Jakarta aviareysi yoʻlga qoʻyilishi mumkin

    Transport 25 Fevral 2021 1222

    Tahlillarga koʻra, dunyo boʻylab har yili 148 million sayyoh ziyorat maqsadida safarga chiqadi. 2021-yil davomida pandemiya bilan bogʻliq vaziyat qayta murakkablashmagan taqdirda viloyatga tashrif buyuruvchi ziyoratchilar sonini 210 mingga yetkazish imkoniyati mavjud.

    Xususan, Indoneziya, Turkiya, Pokiston, Malayziya kabi davlatlardan Imom Buxoriy merosiga qiziquvchi 100 mingdan ortiq, Hindiston, Turkiya, Pokiston, Bangladesh kabi davlatlardan Abu Mansur Moturidiy merosiga qiziquvchi 26 mingdan ortiq, Indoneziya, Malayziya, Turkiya, Tatariston va Checheniston kabi davlatlardan Xoʻja Ahror Valiy va Mahdumi Aʼzam izdoshlari boʻlgan 43 mingdan ortiq, Isroil, AQSH, Fransiya va Rossiyadan Xoʻja Doniyor hamda yahudiylar dini merosiga talabgor 40 mingdan ortiq ziyoratchini jalb qilish imkoniyati mavjud.

    Bu borada Indoneziyaning yirik ASITA, SAPUHI turizm assotsiatsiyasi bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish orqali Samarqandga har haftada 2 ta aviareys tashkil etish rejalashtirilgan. Shu orqali 300 nafardan 500 nafargacha sayyohni Samarqandga olib kelish, bu yerda ular uchun 2 kunlik ziyorat turlarini tashkil etish boʻyicha kelishuvlar imzolangan.

    “Jakarta-Samarqand-Jakarta” charter avia-reysini tashkil etish boʻyicha “Uzbekistan Airways” bilan kelishuvlar olib borilmoqda.

    Bu borada Indoneziya kompaniyasi bilan kelishuv imzolanganini viloyat hokimining turizm va sportni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari B.Nurullayev viloyat Kengashi sessiyasida maʼlum qildi.