"Samarqand qogʻozida koʻchirilgan", degan taʼkid koʻhna brendni belgilaganmi?

    Madaniyat 8 Noyabr 2023 898

    Kuni kecha Samarqandda Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha “Oʻzbekiston madaniy merosi – yangi Renessans asosi” VII Xalqaro kongressi oʻz ishini boshladi. Forum ishida 40 dan ortiq davlatdan 300 ga yaqin olim va mutaxassis ishtirok etmoqda.

    Kongress doirasida “Oʻzbekiston madaniy merosi” turkumidagi kitob-albomlarning yangi 61–70 jildlari taqdimoti boʻlib oʻtdi. Ozarbayjon, Hindiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya (jumladan, Tatariston) va Turkiyadagi Oʻzbekistonning madaniy merosi toʻplamlariga bagʻishlangan kitob va albomlar shular jumlasidan. Eʼtiborlisi, mazkur kitoblar toʻplami kutubxonalarga bepul taqdim etilmoqda.

    Shuningdek, Butunjahon jamiyatining boshqa nashriyot loyihalari – “Sharq miniatyurasida tarixiy shaxslar”, “Klavixo: Samarqanddan Temur saroyiga sayohat kundaligi (1403–1406)”, “Rishton kulolchiligi”, “Oʻzbekiston sanʼati durdonalari”, “Orol va Amu boʻylarida: qoraqalpoq sanʼati”, “Badiiy atamalar ensiklopediyasi” albomlari, “Bezak ensiklopediyasi” mavzulariga bagʻishlangan rejadagi nashrlar, “Oʻzbekiston gilamlari”, “114 Qurʼon”, “Sharqning 100 nodir qoʻlyozmasi” loyihalari ham kongress ishtirokchilariga havola qilinayotir.

    Ayni maqola xalqaro anjumanda soʻz yuritiladigan ayrim mavzular va yangi tarixiy maʼlumotlar asosida tayyorlandi.

    “Boburnoma” memuar asari badiiy adabiyot, adabiyotshunoslik, tilshunoslik, etnografiya, tarix, geografiya, falsafa fanlari va oʻzbek (turkiy), fors, arab, maʼlum maʼnoda afgʻon, hind, urdu tillari, shuningdek, milliy davlatchiligimiz tarixi uchun ham noyob manba sanaladi. Zero, Sohibqiron Amir Temur va temuriylarning davlat boshqaruvi, davlatchilik masalalari, diplomatik munosabat, idora usuli, hukmdorlar nomi, faoliyati, xonadoni, beklari, sudurlari, qalam ahli, shaharsozlik madaniyati, tarixda oʻtgan buyuk shaxslar taʼrifi, harbiy ishlar, taktika masalasi keng bayon qilingan. Ayni paytda muallifning ularga boʻlgan munosabati hayratlanarli tarzda ifodalangan.

    “Boburnoma”da olgʻa surilgan muhtasham gʻoyalar, boqiy fikrlar talqini muallifning chuqur mushohadalari bilan bogʻliq keng tasvir va lavhalarda, yuksak pafosda bitilgan. Hind mutafakkiri Javoharlal Neru taʼbiri bilan aytganda “Uygʻonish davrining tipik hukmdori” koʻrgan, kechirgan voqea-hodisalar oʻquvchiga memuar xarakterida va oʻta taʼsirchan uslubda yetkazilgan. “Boburnoma” boʻyicha koʻplab maqolalar yozilgan, ilmiy ishlar qilingan boʻlsa ham, uning koʻlami va ahamiyati, qimmatli jihatlari yana koʻplab tadqiqotlarga munosibdir.

    Biz ushbu maqolamizda “Boburnoma”ni Nosir Xisravning “Safarnoma”, Ibn Battutaning “Sayohatnoma”asarlari bilan qiyosiy aspektda Samarqand, Kesh, Buxoro, Vobkent tasviri, oqila va mudubbira ayollar hamda mualliflarning kitob, nomalari bilan bogʻlab tahlil va talqin qilishga harakat qildik.

    Maʼlumki, Markaziy Osiyoda yashab oʻtgan Nosir Xisrav mashhur shoir, faylasuf, sayohatchi sifatida nom qozongan. Asarlarini fors va arab tillarida yozgan. Shulardan biri noyob – “Safarnoma” asaridir. Muallif unda yetti yil davomida Turkiston, Misr, Shom, Iroq, Qohira, Iskandariya, Damashq, Basra, Hijoz, Halab, Makka, Madina, Ozarbayjon, Armaniston, Falastin, Eron va Hindiston boʻylab qilgan safarlari davomida koʻrgan-kechirganlarini bayon qilgan.

    “Safarnoma”da u Samarqand shahri va unda ishlab chiqariladigan qogʻoz xususida alohida qaydlar bitgan. Shomga boʻlgan safari davomida ham u yerda tayyorlangan qogʻoz va u qanday usulda ishlab chiqarilganiga eʼtibor qaratadi. Xususan, Shomda tayyorlangan qogʻozga Samarqand qogʻozini qiyoslab tilga olgan: “Aytishlaricha, shaharning yigirma ming aholisi bor ekan. Atrofda ham qishloq va manzilgohlar juda koʻp. Bu yerda Samarqand qogʻoziga oʻxshash qogʻoz tayyorlashadi. Bu shahar Misr sultoniga qarashlidir”. Nosir Xisrav Samarqand va Taroblis qogʻozining farqli jihatlarini yaxshi bilgan va sifati boʻyicha ham maʼlumotlar berib oʻtadi.

    Shu oʻrinda mavzuga oid ayrim tarixiy maʼlumotlarni keltirib oʻtsak. Oʻsimlik tolalaridan tayyorlangan yupqa qogʻozni dastlab xitoyliklar I asrda kashf qilgan. Manbalarda qogʻoz tayyorlash arablarda ham yaxshi yoʻlga qoʻyilgani aytilgan. VII asrning boshlarida Samarqand ustalari qogʻoz olishga muyassar boʻlgan va XIX asrning 1-yarmigacha bu yerda chiqarilgan qogʻozlar dunyoda juda mashhur boʻlgan. Shu bois koʻplab manbalarda kitob, qoʻlyozma qogʻozi haqida gap ketganda, “Samarqand qogʻozida koʻchirilgan”, degan alohida taʼkidlarni uchratish mumkin. Bu yozuv qogʻozi boshqa turlariga nisbatan juda silliqligi bilan ajralib turgan.

    Temuriylar Uygʻonish davrida qogʻoz ishlab chiqarish ham sifati, ham salmogʻi jihatidan takomillasha borgan. Samarqand qogʻozi Movarounnahr, Xuroson, Turkistondagina emas, balki qoʻshni davlatlarda ham xaridorgir edi.

    Bobur ham Samarqand haqida “Boburnoma”da bir-biridan taʼsirli, qiziqarli, qimmatli maʼlumotlarni koʻproq yozib qoldirishga harakat qilgan. Xususan, koʻhna shahar tarixini, ulugʻ bobokaloni Amir Temur poytaxt qilgani xususida qayd etib oʻtgan. Samarqandda yashab oʻtgan buyuk shaxslar, shahar tabiati, iqlimi, rivojlangan hunarmandchilik sohalari, oʻziga xos bozori, bu yerda boʻlib oʻtgan jangu jadallar, shaharsozlik madaniyati, bunyodkorlik ishlari xususida ham maʼlumotlar berib oʻtgan.

    Shu oʻrinda qiziqarli maʼlumotlardan biri, bu – Samarqand qogʻozi haqida. Bobur ham Nosir Xisrav kabi Samarqand qogʻoziga toʻxtalar ekan, uni juda yuqori baholagan. Chunonchi: “Olamda yaxshi qogʻoz Samarqanddin chiqar. Juvozi qogʻozlar suyi tamom Konigildin keladur. Konigil Siyohob yoqasidadurkim, bu Qora suvni Obi Rahmat ham derlar”. Demak, temuriylar Uygʻonish davrida kitobot sanʼati rivojlangan, madaniy muhit yuksalgan sari sifatli qogʻozga ham talab oshgan va Bobur yuksak baholagan Samarqand qogʻozi juda sifatli, talab darajasida ishlab chiqarila boshlaganidan xabar beradi.

    Nosir Xisrav bilan Bobur asarlaridagi yana bir mushtarak tarixiy hodisa shundaki, har ikki asarda tadbirkor, mudabbira ayollar, malikalar bilan bogʻliq tasvir, xabarlarning yozilishidir. Nosir Xisrav “Safarnoma”da Misr shahri tarixida bir oqila tadbirkor arab ayol haqida qimmatli maʼlumot bitgan. Bu Nil daryosi bilan bogʻliq xabarlarda aytilgan. Jumladan, Misr aholisining ichimlik suviga boʻlgan eʼtiyojini tadbirkor ayolning hal qilishini va 5000 odamni ish bilan taʼminlaganini hayrat bilan tasvirlaydi: “Misr shahri Nil daryosi qirgʻogʻi boʻylab ancha joyga choʻzilgan. Juda koʻp koʻshk va shiyponlar daryo labida joylashgan va ularga arqon bilan suv chiqariladi. Lekin shaharda suvni meshkobchilar baʼzilari tuyalarida, boshqalari yelkalarida tashishadi. Damashqiy jezdan yasalgan va oʻttiz mann suv sigʻadigan koʻzalarni koʻrdim, yaltiroqligidan oltindan yasalganga oʻxshardi. Bir odam menga shunaqadan 5000 ta koʻzasi boʻlgan bir ayol haqida hikoya qilib berdi. U har bitta koʻzani oyiga bir diram ham evaziga ijaraga berar ekan. Ijarachilar muddat tugagach koʻzani beshikast qaytarishni uhdalariga, yaʼni zimmalariga olishar ekan”. Lavhada u maʼlum maʼnoda xalq hayotidan ham hikoya qiladi.

    “Safarnoma”ning “Basra muzofotlari tarixi” nomli oʻqishli faslida boy va tadbirkor fozila ayolning bunyodkorligi haqida yozgan qisqa maʼlumot bilan tanishamiz. Ubulla anhorining quyilish joyida katta girdob boʻlib, suzib oʻtayotgan ayrim kemalar shu oʻpqonga tushib choʻkib ketar ekan. Bunday tabiiy ofatni eshitgan tadbirkor ayol arablardan tonna-tonna hajmda xurmo danagini sotib olib, shu oʻpqonni bekitgan ekan. Natijada kemalar Ubullada bemalol suzadigan boʻlgan. Buni eshitgan Nosir Xisrav bu oqila ayolning odamiyligi, karami, ehsoni oldida lol qolganini ham aytib oʻtgan. Chunonchi: “Aytishlaricha, ilgari Ubulla anhorining quyilish joyida ulkan girdob boʻlib, kemalar oʻta olmas ekan. Shunda Basraning eng boy – badavlat kishilaridan boʻlmish bir ayol 400 ta kema qurdirib, ularni xurmo danagi bilan toʻldirib, ustini mahkam yopib oʻsha joyga choʻktirishni buyuribdi. Shundan soʻng kemalar bemalol oʻtadigan boʻlibdi”.

    Bu maʼlumot orqali biz tadbirkor ayollarning hamma davrlarda ham ijtimoiy faolligi, mulkdorligi, qoʻl ostidagi xususiy mulkini yurt, jamiyat, millat manfaati uchun ehson qilganidan xabardor boʻlamiz.

    Bobur “Boburnoma”da esa tadbirkor, mudabbira ayol sifatida oʻzining ulugʻ enasi Esondavlatbegimni tanishtiradi. “Kuch alarda edi”, deb yuqori baholaydi va Esondavlatbegimning tadbiri sabab 12 yoshda davlatni, ota taxtini oʻzida saqlab qolganligi yoki Andijonda bogʻlar barpo qilgani xususida faxr va gʻurur bilan gapirib oʻtgan. Yoki “Boburnoma” anʼanasida “Humoyunnoma”ni bitgan qizi Gulbadanbegimni eslash mumkin.

    Nosir Xisrav va Bobur memuarlarida maktublar haqida ham xabarlar uchraydi. Masalan, Nosir Xisrav “Safarnoma”da Shom voliysiga yozgan oʻz maktubini tamsil qilgan. Chunonchi: “Qaysidir yili Shom voliysi oʻz maktubida shunday deb yozibdi: “Bu yil zaytun yogʻi kam olindi. Agar farmoni oliy boʻlsa, biz masjidlarga turp va sholgʻom urugʻidan olinuvchi yogʻ, yaʼni, “zayti xor” beramiz”. Unga shunday javob joʻnatishdi: “Sen vazir emas, balki xizmatkorsan. Xudoning uyi uchun nimaiki lozim boʻlsa, ular oʻzgarishsiz va kechiktirilmasdan berilishi shart!”

    Asarning “Misrdan qaytmogʻimiz bayoni” nomli faslida oʻzi bilan bogʻliq bir maktub mazmunini quyidagicha bayon qilgan: “Men Jidda amiri qabulida boʻldim. Menga hurmat koʻrsatib, boj toʻlashdan ozod qildi, hatto Makkaga “Bu odam donishmand, undan hech narsa olmaslik kerak”, degan mazmunda xat joʻnatdi. Juma kuni namozgar payti men Jiddani tark qildim va jumodul oxir oyi soʻngida yakshanba kuni Makka darvozasi oldiga yetib keldim.”

    Nosir Xisrav va Bobur ham oʻzlarining maʼnaviy koʻchar mulki, yaʼni kitoblari haqida ham ibratli xabar bitgan. Jumladan, Nosir Xisrav yozadi: “Hajni ado etgach men Misrga qaytdim, chunki u yerda kitoblarim qolgan edi. Bu yil Misrga Madina amiri tashrif buyurdi. U Husayn ibni Ali salavotullohi alayhumo avlodidan boʻlgani uchun sulton unga yillik mablagʻ tayinlagan va shuni olishga borgan edi. Men u bilan kemada Qulzumga birga bordim. Undan Misrga ham birga ketdik.”

    Bobur memuarida oʻzining “Vaqoeʼ”, “Mubayyin”, “Aruz risolasi” devoni kabi kitoblari hamda Navoiy, Jomiy va boshqa shoirlarning asarlari haqida ham qimmatli maʼlumotlar bitgan. Ayni paytda Ibn Battuta ham oʻzining kitoblari xususida ham maʼlumotlar qoldirgan. Bunday tasvirlar orqali biz ularning kitobga boʻlgan katta ixlosi, baland eʼtiqotidan xabardor boʻlamiz.

    Tarixdan maʼlumki, mashhur arab sayyohi Ibn Battuta 1228-yil Tanjan shahridan chiqib, to Xitoygacha borib, 1256-yilda yana vataniga qaytgan. Shu tariqa buyuk sayyoh 28 yillik sayohatlari, safarlari natijasida arab tilida “Sayohatnoma” nomli muhtasham kitobini yozgan. Kitobda Ibn Battuta ham oʻz koʻzi bilan koʻrgan voqealar, uchrashgan buyuk shaxslar, muhtasham saroylarda qabul qilgan hukmdorlar nomi, suhbatlari, davlat, idora usuli bilan bogʻliq tasvirlari, maʼlum muddat yashagan shaharlari, ularning tabiati, iqlimi, geografiyasi, oʻzining muhaddis sifatida yoʻl-yoʻlakay koʻplab muhaddislardan hadislar oʻrgangani xususida faxr tuygʻusi bilan xabarlar yozgan.

    Biz bu oʻrinda Ibn Battuta Shahrisabz – Kesh, Buxoro, Samarqand, Vobkentga oid bayonlari diqqatga sazovor. Sayohatchi muallif bu shaharlarga ayricha mehr bilan qaragan. U Buxoroga Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilish uchun shoshilgan, Samarqandda esa u farzand koʻrish istaganini aytgan. Lekin Ibn Battuta Samarqandda emas, Shahrisabzda qiz farzandli boʻladi va u yerda maʼlum muddat yashaydi. Shu sabab Kesh shahri Battutaning qalbida bir umr saqlanib qoladi. Maʼlumki, Bobur ham Kesh haqida “Boburnoma”da toʻlqinlanib yozgan. Ayniqsa, u Amir Temurning asli Keshdan ekanini faxr bilan eslagan.

    Battuta asaridagi “Oʻrta Osiyo” faslining Buxoro bilan bogʻliq tasvirida Vobkent shahrining obodligi xususida shunday maʼlumot bitgan: “Vobkent shahriga yetdik. U Buxorodan bir kunlik masofa beridadir. Vobkent – chiroyli shaharcha. Unda ariqlar, bogʻlar serob. Shahar aholisi yil boʻyida uyida uzum saqlaydi. Ularning olu deb ataladigan mevasi bor. Shu mevalarni quritib, qoqi qilib Hindiston va Xitoyga olib borishadi. Shu mevaning ustidan suv quyib, sharbatini ichishadi. Yangiligida shirin bu meva quritilganida nordonroq boʻlib qoladi. Meva juda etdor boʻlib, na Andalusiyada, na Suriyada bunga oʻxshash mevani koʻrganman. Biz kun boʻyi bir-biriga tutashib ketgan bogʻlar, ariqlar, daraxtdorlar va shudgor qilingan dalalar orasidan oʻtib borib, Buxoro shahriga yetib keldik. Buxoro – muhaddislar imomi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy vatanidir.”

    Battuta va Bobur maʼlumotlaridagi yana bir mushtaraklik mevalardan boʻlmish olu bolu haqidadir. Jumladan, ushbu mevaning nomi, xususiyati, shifobaxshligi, Hindiston va Xitoyga eltib sotilishi bilan bogʻliq tasvir aynan mushtaraklik kasb etgan.

    Yana Buxoro tarixiga kelsak, Ibn Battuta “Sayohatnoma”ning “Oʻrta Osiyo” faslida Buxoroyi sharifni mashhur muhaddis Imom Buxoriyning sharafli nomi bilan esga olgan: “Buxoroda “As-Sahih”ni tuzgan alloma imom, musulmonlar shayxi Abu Abdulloh al-Buxoriy qabrini ziyorat qildim. Alloh uni rahmat qilsin”. Yana oʻqiymiz: “Buxorolik boshqa allomalarning maqbaralarida ham ismi-shariflari va ilmiy meroslarining nomi yozib qoʻyilgan. Mazkur bitiklardan koʻplarini koʻchirib olgan edim, ammo bu yozuvlar hind zardushtiylari dengizda mollarimni tortib olgan chogʻda boshqa buyumlarim bilan birga yoʻqoldi.”

    Bobur “Boburnoma”da Samarqand va uning atrofida yashab oʻtgan oʻn nafardan ortiq buyuk shaxslar, yaʼni shoh Iskandar, Qusam ibn Abbos – Shohizinda, Sohibqiron Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Moturudiylar haqida yozgan maʼlumotida Imom Buxoriyni Xoja Ismoil Xartanak deb tilga olgan. Bobur bu oʻrinda Imom Buxoriyning 810-yilda Buxorodan chiqib Samarqand shahri yaqinidagi Xartanak qishlogʻida qarindoshinikida toʻxtagani va betob boʻlib vafot etgani, shu qishloqqa dafn qilinganiga ishora qilib Xoja Ismoil Xartanak deb sharaflagan hamda “Sahihi Buxoriy”ni tilga olgan. Oʻqiymiz: “Yana sohibi “Sahihi Buxoriy” Xoja Ismoil Xartanak ham Movarounnahrdindur.”

    Ikkinchi mushtarak tarixiy hodisalar vaqf, zoviya, eʼtiqodi mustahkam taqvodor kishilar, maʼrifiy majlislar, ziyorat turizmi xususidadir. Bu kabi qadryatlarni eʼtirof qilgan Battuta shunday yozadi: “Biz Buxoroning Fathobod nomi bilan mashhur mavzeida toʻxtadik. Bu yerda eng ulugʻ avliyolardan biri, alloma shayx, goʻshanishin avliyo Sayfuddin al-Boxarziyning qabri bor. Mazkur shayx nomi bilan ataladigan va biz koʻchib oʻtgan zoviya juda katta boʻlib, vaqflari behisob, ziyoratchilar ana shu vaqflardan keladigan (daromadlar) hisobiga boqiladi. Shu zoviyaning shayxi Sayfuddin avlodlaridan biri boʻlib, Makkaga haj qilgan Yahyo al-Boxarziydir. Shayx meni oʻz uyida qabul qildi, shaharning obroʻli kishilarini toʻplab ziyofat berdi, qorilar ajoyib ovozlari bilan Qurʼondan qiroat qildilar, voiz esa amri maʼruf etdi. Hofizlar turkiy va forsiy tillarda juda yaxshi qoʻshiqlar aytdilar. Biz uchun bu eng gʻaroyib kechalardan biri boʻldi.”

    Umuman olganda, Ibn Battuta va Boburning Kesh, Buxoro, Samarqand, Vobkent bilan bogʻliq maʼlumotlari shaharsozlik madaniyati tarixida muhim maʼlumot hisoblanishi bilan birga oʻquvchini hayratga soladi.

    Battuta “Sayohatnoma”ning 4-faslini “Oʻrta Osiyo” deb atagan va unda koʻhna Xorazm zamini, Toʻrabeka ona, eri Qutlugʻmurod hokim, Xorazm qovuni, xorazmlik buyuklar Najmiddin Kubro, Zamaxshariylar maqbarasini ziyorat qilgani xususida ham xabar bitgan. Mashhur sayyohning hayratini oshirgan shaxs bu hokima Toʻrabeka ona boʻlgan.

    Baʼzi mushtarak tarixiy hodisalarni Boburning “Boburnoma” Nosir Xisravning “Safarnoma”, Ibn Battutaning “Sayohatnoma” kabi asarlari misolida oʻrgandik. Qiyosiy aspektda Samarqand, Kesh, Buxoro, Vobkent tarixi, tasviri, oqila va mudabbira ayollar hamda mualliflarning kitob, nomalari bilan bogʻliq lavha, xabarlarni tahlil va talqin qilishga harakat qildik. Xulosa shuki, biz talqin qilgan mushtarak tarixiy hodisalar, har uchala mutafakkirning yuksak mahoratidan va ayni paytda moziyning koʻhna sadolaridan darak beradi.

    Burobiya RAJABOVA,

    OʻzR FA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklor

    instituti yetakchi ilmiy xodimi,

    filologiya fanlari nomzodi