SHHT (kuzatuvchi va muloqot bo'yicha hamkorlar bilan) makonida 3 milliarddan ortiq kishi istiqomat qiladi. Bu er yuzi aholisining qariyb 50 foizini tashkil etadi.

O'zbekiston SHHTning ta'sischi davlatlaridan biri bo'lib, uning rivojlanishida salmoqli hissa qo'shdi. Xususan, rasmiy Toshkent nafaqat tashkilotning normativ-huquqiy va institutsional bazasini mustahkamlashga, balki a'zo davlatlar o'rtasida turli sohalarda hamkorlikni kengaytirishga ham e'tibor qaratmoqda.

2017-yildan boshlab Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O'zbekiston SHHT makonida o'zining yangi faol tashqi siyosatini yaqqol namoyon qila boshladi. Tashkilotga a'zo davlatlar bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish bo'yicha bir qator dolzarb tashabbuslar ilgari surildi.

Jumladan, 2017–2021-yillarda o'tgan sammitlarda O'zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va butun SHHT makonining transport-logistika salohiyatini yanada ochiqlash, turizm sohasida hamkorlikni rivojlantirish, innovatsion taraqqiyot, yosh avlodni qo'llab-quvvatlash, mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlashdagi hamkorlikni yanada mustahkamlash kabi yo'nalishlarda jami 50 dan ortiq taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. Ularning qariyb barchasi amalga oshirilgan. Bu kabi tahlillar O'zbekiston ilgari surilgan va amalga oshirilgan tashabbuslar ko'rsatkichi bo'yicha SHHTda etakchi o'rin egallashini ko'rsatmoqda.

Bu yilgi Samarqand sammiti o'zgarayotgan dunyoning yangi ruhini yaratishga zamin bo'lishi aytilmoqda. Alohida jihati — ushbu tadbir SHHT etakchilarining 2019-yildan buyon birinchi yuzma-yuz uchrashuvi bo'ladi.

O'zbekistonning SHHTga raisligi davrida asosiy e'tibor tashkilot doirasidagi hamkorlikning savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, sanoat kooperatsiyasini ilgari surish, transport kommunikatsiyasi o'zaro bog'liqligini kengaytirish, raqamli transformatsiya va “yashil” iqtisodiyot, SHHTning xalqaro nufuzini mustahkamlash kabi eng muhim ustuvor yo'nalishlariga qaratildi.

Yana bir ma'lumot, Samarqand sammiti dunyo miqyosida yilning eng yirik va nufuzli siyosiy-diplomatik tadbiri, deya e'tirof etilayotir. Bugun Samarqand ana shu katta tadbirni o'tkazishga tayyor.