Samarqand sammiti ShHT faoliyatida yangi davrni boshlab beradi

    ShHTning Samarqand sammiti, geosiyosiy va iqtisodiy vaziyatning hozirgi holatini hisobga olgan holda, alohida ahamiyatga ega bo'lib, tashkilotga a'zo davlat rahbarlari uchun global kun tartibidagi barcha dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun muhim platforma bo'lib xizmat qiladi.

    Sammitda muhokama qilinadigan eng muhim masalalardan biri iqtisodiy hamkorlikning yangi jabhalarini belgilab olishga qaratiladi.

    Jahon iqtisodiyotining yangi sharoitida O'zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo mamlakatlarning iqtisodiy hamkorlik salohiyatini rivojlantirishga katta e'tibor qaratmoqda.

    2021-yil yakunlariga ko'ra ShHTga a'zo davlatlar tashqi savdosining o'sishi 33 foizdan yuqorilab, 8 trillion dollardan oshdi va tashkilot makonidagi ichki savdo aylanmasi qariyb 40 foizga o'sib, 768 milliard dollarni tashkil etdi. Bu ko'rsatkichlar tashkilotga a'zo mamlakatlar uchun yangi imkoniyatlar ochilishi mumkinligini anglatadi.

    Mamlakatimizning investitsiya imkoniyatlarini oshirish, ShHT davlatlari o'rtasida kapital almashinuvini yangi bosqich va miqdorga ko'tarish, ushbu masala bo'yicha mas'ul vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish ikki va ko'p tomonlama manfaatlarni ro'yobga chiqarish va iqtisodiy islohotlarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

    O'zbekistonning iqtisodiy tashabbuslari qatorida ShHT ishbilarmonlar kengashi doirasida o'zaro sarmoyalarni ilgari surish bo'yicha global moliyaviy-iqtisodiy tahlikalarni yumshatishga qaratilgan qo'shma harakat rejasini ishlab chiqishi turmush darajasining keskin pasayib ketishining oldini olish, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash va iqtisodiy yuksalishga erishish hisobidan aholi turmush farovonligini oshirish chora-tadbirlarini qamrab oladi.

    Sammitda ShHTning mintaqalararo savdoni rivojlantirish dasturi imzolanishi rejalashtirilgan. Bunda har bir a'zo mamlakatning ichki imkoniyatlari va tashqi hamkorlik omillari nafaqat o'zaro savdo-sotiqni, shu bilan birga milliy ishlab chiqarish yo'nalishlarining trasformatsiya qilinishiga erishish mumkin bo'ladi. Natijada, o'zaro savdo-sotiq, tovarlar va xizmatlar nomenklaturasi kengayishi tashkilotga a'zo davlatlar iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

    Shuningdek, ShHTga a'zo davlatlar farovonligini rivojlantirish uchun O'zbekiston tomonidan sanoat kooperatsiyasini rag'batlantirish bo'yicha taklif etilgan dastur qabul qilinishi iqtisodiyotning tarkibiy tuzilishida o'zgarishlarni ta'minlab, hali foydalanilmagan ishlab chiqarish salohiyatini yuzaga chiqarish, iqtisodiy o'sishning yangi nuqtalarini yaratish, ish o'rinlari barpo etish, jumladan, xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish hamda qo'shimcha qiymatli mahsulotlar eksporti tarkibini kengaytirish imkonini beradi.

    Shuni alohida ta'kidlash kerakki, SHHTga a'zo davlatlarning asrlar davomida Buyuk ipak yo'li bilan birlashgan, Sharqdan G'arbga va G'arbdan Sharqga tovarlar va xizmatlar tashivuni ta'minlovchi trasport arteriyasini shakllantirish va ishga tushirish o'zaro bog'liqlikdagi ulkan salohiyat mavjudligini real voqelikka aylantiradi. Bu yo'nalishda “Xitoy –Qirg'iziston – O'zbekiston” temir yo'l aloqasi loyihasini amalga oshirish juda istiqbolli hisoblanadi. Zamonaviy sharoitda O'zbekiston Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalarining o'zaro bog'liqligi tashabbusini, “Termiz – Mozori-Sharif – Qobul – Peshovar” temir yo'lini qurishni faol ilgari surmoqda. Bu nafaqat ShHTga a'zo davlatlarning logistika imkoniyatlarini kengaytiradi, balki Afg'onistonni tinch yo'l bilan qayta qurish va Shimoliy-Janubiy yo'nalishdagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga xizmat qiladi.

    ShHTga a'zo davlatlarning o'zaro manfaatli aloqalarini rivojlantirish va samarali trasport logistikasini yaratish uchun kontseptual loyihalarni amalga oshirishda O'zbekiston tomonidan taklif etilgan “Yo'l xaritasi”ni qabul qilishga alohida e'tibor qaratish lozim. Bu ShHT transport va tranzit salohiyati ochilishiga imkon yaratadi, savdoda yangi bozorlarni qamrab olish geografiyasini kengaytirish, ishlab chiqarishning yangi turlari rivojlanishiga turtki bo'ladi. Natijada, yangi manfaatlar qondirilishi uchun texnik-texnologik hamkorlik kuchayib, iqtisodiy aloqalarning yangi va kengaytirilgan zamonaviy turlari qaror topadi.

    Xulosa qilib aytganda, ShHTga a'zo davlatlar rahbarlari tomonidan tasdiqlanadigan bir qator kontseptual hujjatlarning ahamiyati va sonini hisobga olgan holda, sammit natijalari ShHT faoliyatida yangi davrni boshlab beradi.

    Rustam Hasanov,

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar

    instituti loyiha rahbari