Samarqand shahrida TDT Tashqi ishlar vazirlari kengashi yigʻilishi boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 11 Noyabr 2022 1483

    2022-yil 10-noyabrda Samarqand shahrida Turkiy Davlatlar Tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Turkiya, Vengriya va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari, TDT Bosh kotibi hamda TDT tuzilmalari – TURKSOY, TurkPA, Xalqaro turkiy akademiya, Xalqaro turkiy madaniyat va merosi fondi rahbarlari ishtirok etdi.

    Vazirlar doʻstona va konstruktiv ruhda Tashkilot doirasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdi. Turkiya tomonining oʻtgan yilda Tashkilotdagi raisligi samarali va muvaffaqiyatli boʻlgani qayd etildi.

    Ishtirokchilar 2022-yil 11-noyabrda Samarqand shahrida “Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlikka birgalikda” mavzusida boʻlib oʻtadigan TDT Davlat rahbarlari kengashi yigʻilishi kun tartibi va koʻrib chiqish uchun taqdim etilayotgan hujjatlar loyihalarini koʻrib chiqib, kelishib oldi.

    Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri ishtirokchilarni 2021-yilda Turkiy kengash nomi Turkiy davlatlar tashkilotiga oʻzgartirilgandan keyingi birinchi sammit boʻladigan davlat rahbarlarining uchrashuviga tayyorgarlik haqida maʼlumot berdi.

    Davlat rahbarlarining boʻlajak uchrashuvi turkiy davlatlar oʻrtasidagi amaliy hamkorlikning yangi ufqlari va istiqbollarini ochishga xizmat qiladi. “Turkiy dunyo nigohi – 2040” konsepsiyasini amalga oshirish doirasida 2022-2026-yillarga moʻljallangan TDT strategiyasining qabul qilinishi ushbu tadbirning muhim voqeasi boʻladi. Hujjatning amalda tatbiq etilishi TDT mamlakatlari oʻrtasida turli sohalarda oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkonini beradi.

    Uchrashuvda tashqi ishlar vazirlari jahonda roʻy berayotgan voqealarning jadalligi va xalqaro munosabatlardagi oʻzgarishlar TDTni zamonaviy voqelikka doimiy moslashtirish zaruriyatini taqozo etishini taʼkidladi. Ishtirokchilar bugungi kunning tobora kuchayib borayotgan tahdidlarini bartaraf etish boʻyicha saʼy-harakatlarni birlashtirish maqsadida strategik masalalar boʻyicha tizimli muloqotni yoʻlga qoʻyish zarurligiga eʼtibor qaratdi.

    Vazirlar oʻz nutqida ochiqlik, tenglik va oʻzaro hurmat tamoyillariga, shuningdek, TDT doirasidagi koʻp qirrali munosabatlarni kengaytirishning mutlaq tarafdori ekanliklarini taʼkidladi. Ular TDT makonida xavfsizlik va barqarorlikni saqlash va mustahkamlashning eng muhim omillaridan biri Afgʻonistondagi vaziyatni tez fursatlarda tartibga solish haqidagi pozitsiyani yana bir bor tasdiqladi.

    Vazirlar TDT Bosh kotibi va tashkilotga qarashli xalqaro tuzilmalar rahbarlarining oʻtgan yildagi maʼlumotlarini tingladi.

    Tadbir doirasida bir qator muhim hujjatlar imzolandi.

    Yigʻilishda TDTning joriy faoliyatining boshqa dolzarb masalalari ham muhokama qilindi.

    Tadbir yakunida TDTga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi yigʻilishini 2023-yilda Qozogʻistonda oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.