Samarqand shahridagi Prezident maktabida 311,8 mln soʻmlik korrupsion holat aniqlandi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat buyurtmachilari amalga oshirayotgan xaridlarda qonunchilik talablariga rioya qilinishi holatlarini monitoring qilish ishlari davom ettirilmoqda.
Masofaviy monitoring tadbirlarida ayrim davlat buyurtmachilari tomonidan bir qator qonunbuzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi.
Jumladan, Zafarobod tuman bolalar va oʻsmirlar sport maktabi buyurtmachiligida 2023-yil 2-avgust kuni oʻtkazilgan 286,0 mln soʻmlik sport inventarlari xarid qilish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi kengesi tomonidan 2023-yil 4-avgust kuni oʻtkazilgan 912,4 mln soʻmlik yozgi majlislar uchun charm tomli shiypon qurish;
Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalar agentligi tizimidagi Samarqand shahridagi Prezident maktabi buyurtmachiligida 2023-yil 5-avgust kuni oʻtkazilgan 311,8 mln soʻmlik maktab formalari xarid qilish;
Qiziltepa tuman yoʻllardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan 2023-yil10-avgust kuni oʻtkazilgan 300,0 mln soʻmlik transportda yuk tashish xizmati koʻrsatish yuzasidan oʻtkazilgan davlat xaridlarida qonunchilikka zid holatlar aniqlandi.
Jumladan, ushbu davlat xaridlarida Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 10-moddasi (raqobat va xolislik prinsipi), 14-moddasi (manfaatlar toʻqnashuvi), 20-moddasi (xarid komissiyasining huquq va majburiyatlari), 46-moddasi (davlat xaridlari jarayonidagi cheklovlar) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat xaridlarini amalga oshirish bilan bogʻliq tartib-taomillarni tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi Qarori bilan tasdiqlangan Nizomning bir qator talablariga amal qilinmagan.
Xususan, ushbu xaridlarda ishtirok etgan talabgorlarning hujjatlari xarid komissiyasi aʼzolari foydalangan qurilmalar (IP-manzillari bir xil) orqali elektron platformaga yuklangan hamda ayrim ishtirokchilarning takliflari xarid qilish hujjatlarida koʻrsatilgan baholash mezonlariga zid ravishda baholangan.
Mazkur holatlar boʻyicha Agentlik tomonidan xarid komissiyalarining bayonnomalarini bekor qilish toʻgʻrisida buyurtmachilarga taqdimnomalar kiritilib, qonunbuzilishi holatlari bartaraf etildi.
Shuningdek, ushbu holatlar yuzasidan toʻplangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborildi.