Samarqand shahriga yana 8 ta elektrobus olib kelindi

    Samarqand shahriga noyabr oyida rejalashtirilgan 30 ta elektrobuslarning 8 tasi olib kelindi. Yil yakuniga qadar yana 64 ta elektrobuslar keltirilishi rejalashtirilgan.

    Transport vazirligining xabar berishicha, Samarqand Oʻzbekistonda YETTBning “Yashil shaharlar“ dasturiga qoʻshilgan birinchi shahardir. Loyiha doirasida Samarqand shahar jamoat transporti yoʻnalishlarida elektrobuslar harakati yoʻlga qoʻyilishi belgilangan.

    Hozirda olib kelingan elektrobuslarni rasmiylashtirish ishlari olib borilmoqda. Rejadagi transport vositalari olib kelingach, belgilangan tartibda Samarqand shahar jamoat transporti yoʻnalishlariga biriktiriladi.

    Maʼlumot uchun: 2023-yil may oyida mazkur loyihaga asosan dastlabki elektrobuslar olib kelinib, M1-sonli “Temiryoʻl ABB – Samarqand xalqaro aeroporti“ yoʻnalishida yoʻlovchilar xizmatiga chiqarilgan edi.