Samarqand tarixi YUNESKO tomonidan 3000-yildan ortiq deb eʼtirof etildi

    Fan 6 Noyabr 2025 799

    YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida oʻtkazilgan “Samarqand: 3000-yillik meros” xalqaro konferensiyasida shahar tarixi ilmiy jihatdan qayta baholandi.

    Arxeologik tadqiqotlar natijalariga koʻra, Samarqandning yoshi ilgari aytilganidek 2750-yil emas, balki uch ming yildan ham ortiq ekani tasdiqlandi.

    YUNESKOning 43-sessiyasi doirasida boʻlib oʻtgan “Samarqand: 3000-yillik meros” xalqaro konferensiyasi shahar tarixini chuqur oʻrganish va insoniyat sivilizatsiyasidagi oʻrnini yanada keng yoritishga bagʻishlandi. Tadbirda Oʻzbekiston va xorijiy mamlakatlardan taniqli tarixchi, arxeolog hamda ilmiy muassasalar vakillari ishtirok etishdi.

    Konferensiya ochilishida Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev, Prezident administratsiyasi huzuridagi Kreativ iqtisodiyot va turizm masalalari departamenti direktori oʻrinbosari Elmurod Najimov, hamda YUNESKO Butunjahon merosi markazi direktori Lazar Elondu Assomo soʻzga chiqishdi.

    Tadbir davomida olimlar Samarqandning boy tarixiy, maʼnaviy va madaniy merosi haqida maʼruzalar taqdim etib, yangi arxeologik topilmalar bilan boʻlishishdi. Xususan, Afrosiyob, Koʻktepa va boshqa qadimiy manzilgohlarda olib borilgan qazishmalar natijasida Samarqand hududida ilk aholi manzilgohlari miloddan avvalgi 2 ming yillikka oid ekanligi aniqlangan.