Viloyatning chegara hududlaridan boʻlgan Bulungʻurda 55 nafar MFY raislari bilan ochiq muloqot oʻtkazildi. Unda mahalla raislariga Davlatimiz Rahbarining Oliy Majlisga hamda Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasi mazmun-mohiyati, berilgan vazifalar batafsil tushuntirildi.

Xususan, islohotlarning quyi pogʻonadan boshlanishi kerakligi, boshqaruvning yangi tizimiga oʻtilishi, bunda mahalla raislariga ham yangi vazifalar belgilanib, davlat organlari va tashkilotlari mahalla raislari bilan hisoblashishi, rahbarlar faoliyatiga nisbatan asosiy bahoni ham mahalla raislari berishi alohida taʼkidlab oʻtildi. Qolaversa, 2021-yil davomida mahalla raislari oldiga qoʻyilgan ustuvor vazifalar muhokama etilib, joylardagi mavjud holat va muammolar tinglandi. Uchrashuv qizgʻin savol-javob tarzida oʻtkazildi.

Uchrashuv davomida shuningdek MFY raislaridan mahalliy davlat boshqaruv organlari rahbarlari faoliyati hamda tumanda aholiga yaratilgan sharoitdan qoniqish darajasini aniqlash maqsadida ijtimoiy anonim soʻrovnoma oʻtkazildi.

Shu bilan birga tashrif davomida tumanning 4 ta sektor rahbarlari va hokim oʻrinbosarlari bilan tor doirada muhokama yigʻilishi oʻtkazildi. Unda tuman sektor rahbarlari hamda hokim oʻrinbosarlari faoliyatini baholash reyting muhokamasi oʻtkazildi. Qoniqarsiz natija koʻrsatgan rahbarlar faoliyati tanqidiy tahlil qilindi. 2021-yil uchun vazifalar belgilab berildi.

Shuningdek, O.Xasanov ishtirokida dastlab viloyat Ichki ishlar boshqarmasi faollar zalida tuman va shaharlarning ikkinchi sektor rahbarlari va kotiblari bilan, soʻngra viloyat Prokuraturasi faollar zalida viloyatning ikkinchi hamda uchinchi sektor masʼul rahbarlari bilan Sektor rahbarlarining faoliyatini baholash — reyting tizimi yuzasidan tanqidiy-tahliliy muhokama uchrashuvi ham boʻlib oʻtdi. Unda oʻrta va quyi boʻgʻin boshqaruv idoralarining faoliyatini tubdan takomillashtirish, kadrlarni tanlash va ishga qabul qilishning ochiq tizimini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, korrupsiyaning oldini olish boʻyicha davlat xizmatchilarini muntazam oʻqitish va bilim va faoliyatini baholab borish tizimini yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda viloyatning ikkinchi hamda uchinchi sektor rahbarlari tomonidan oʻtgan yildagi kamchiliklar birma-bir muhokama etilib, viloyat hamda Respublika kesimida sektorlarning reyting oʻrinlari qoniqarsiz ekani tanqidiy tahlil qilindi.

Uchrashuv soʻngida sektor faoliyatini samarali tashkil etishda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarning sabab va omillari hamda ularni bartaraf etish usullari yuzasidan master-klass tashkil etildi, shuningdek, kelgusida reyting natijalarini yaxshilash yuzasidan tegishli uslubiy tavsiya hamda koʻrsatmalar berildi.

Mirzo Ulugʻbek Madalimov,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi

Axborot xizmati yetakchi inspektori