Samarqand tumanida turistik-rekreatsion zona tashkil etiladi

    Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatida “Ohalik – Oqboʻyro – Mironkul” turistik-rekreatsion zonasini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarorni imzoladi.

    U Samarqand tumanidagi “Oʻrta Ohalik”, “Oqboʻyro”, “Yangijoy” va “Mironkul” mahallalarida joylashtiriladi. Ohalik loyihasi - 1700 gektarga yaqin, Oqboʻyro - 414 gektar, Mironkul 2500 gektardan ortiq maydonni egallaydi.

    Davlatimiz rahbarining qarorida keng koʻlamli loyihani amalga oshirish boʻyicha qator vazifalar belgilab berilgan. Yuklatilgan vazifalar ijrosi viloyat hokimi tomonidan Samarqand tumani hokimligida masʻullar bilan birgalikda muhokama qilindi.

    Hujjatda joriy yilning 1-avgustiga qadar hududning bosh rejasini ishlab chiqish va zarur yer uchastkalari toifasini oʻzgartirish boʻyicha hukumat komissiyasiga takliflar kiritish, turizm zonasida xavfsiz turizmni taʻminlash maqsadida ichki ishlar boʻlimlarini tashkil etish va boshqalar belgilangan.

    Muhokamada Samarqand tumani hokimligi huzurida ushbu loyiha doirasida avtomobil yoʻllarini modernizatsiya qilish va qurish, turistik infratuzilma, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari loyihalarini amalga oshirish boʻyicha buyurtmachi boʻladigan davlat muassasasi shaklida turizm-rekreatsion zona direksiyasini tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Turistik zona hududida turistik infratuzilmani qurish mumkin boʻlgan yer uchastkalari qarorga muvofiq keyinchalik samarali foydalanish yoki investorlarga belgilangan tartibda onlayn-auksion orqali sotish uchun doimiy foydalanish huquqi bilan direksiyaga oʻtkaziladi. Avvalo, yerlarni inventarizatsiyadan oʻtkazish, togʻ turizmi loyihasining chegaralarini aniqlash zarurligi aytildi. Shuningdek, toʻrtta mahalla fuqarolari bilan suhbatlar oʻtkazib, ularning fikrini soʻrash, takliflarini tinglash zarurligi aytildi.

    – Loyihani amalga oshirishda birinchi navbatda suvning mavjudligi zarur, – dedi Erkinjon Turdimov. Selni saqlash ombori qurish masalasini oʻrganish boʻyicha koʻrsatma berildi.

    Umuman olganda, mazkur loyiha tuman infratuzilmasini yaxshilashi, yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi turmush darajasini oshirishga xizmat qilishini inobatga olib, uni amalga oshirishda mahallalardan tortib hokimiyatgacha faol ishtirok etish zarurligi alohida taʻkidlandi.

    Bir haftadan soʻng masʼullar turistik zonaning yoʻl-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi boʻyicha taqdimotlar oʻtkazishi belgilandi.