Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, bugun soat 03:51 da Samarqand tumani Joʻyisoy mahallasidagi xonadonlarda yongʻin sodir boʻlayotgani toʻgʻrisida tuman FVBga xabar kelib tushgan.
Voqea joyiga 7 ta yongʻin-qutqaruv ekipaji va “KamAZ” yordamchi avtomashinasi jalb etilgan. Yongʻin chiqayotgan joyga soat 04:06 da yetib borilgan va soat 05:38 da yongʻin bartaraf etilgan.
Yongʻin oqibatida 5 ta xonadonning taxminan 490 metr kvadrat maydondagi shift va tom qismi hamda uy jihozlari yonib, zararlangan. Hodisa oqibatida halok boʻlgan va jabrlanganlar yoʻq.
Hozirda tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.