“Samarqand” urugʻlik sexi nega jadvaldan ortda qoldi?

    Ushbu urugʻlik sexi tomonidan 2 ming 190 tonna urugʻlik donlarni dorilash belgilangan boʻlsa-da, amalda 1 ming 840 tonna, yaʼni jadvalga nisbatan 350 tonna urugʻlik don kam dorilangan.

    “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand tumani boʻlimi sohaviy inspektorlari tomonidan “Samarqand don maxsulotlari” AJga qarashli “Samarqand” urugʻlik sexida monitoring tadbiri oʻtkazildi.

    Oʻrganishlar davomida donni dorilash sexi mudiri L.O. tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi 2005-yil 29-iyulda 1499-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan yoʻriqnomaning umumiy reglamenti talablari buzilganligi aniqlandi.

    Xususan, Samarqand viloyat hokimligi tomonidan 2021-yil 25-iyulda tasdiqlangan jadvalga asosan, ushbu urugʻlik sexi tomonidan 2 ming 190 tonna urugʻlik donlarni dorilash belgilangan boʻlsa-da, amalda 1 ming 840 tonna, yaʼni jadvalga nisbatan 350 tonna urugʻlik don kam dorilangan.

    Shuningdek, monitoring davomida mazkur urugʻlik sexidagi masʼul xodimlar tomonidan urugʻlik donlarni dorilash ishlari hech bir sababsiz toʻxtatib qoʻyilib, huquqbuzarlik sodir qilinganligi maʼlum boʻldi.

    Mazkur holat yuzasidan “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand tuman boʻlimi sohaviy inspektorlari tomonidan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, huquqiy taʼsir chorasi qoʻllanildi, deb xabar beradi “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati.