Tashrif doirasida Chelyabinsk gubernatori Aleksey Teksler va Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtdi. Tomonlar sanoat, turizm va taʼlim sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Chelyabinsk guberniyasi Rossiyaning barcha hududlari orasida Oʻzbekistonga xom ashyo va energiya resurslari boʻlmagan mahsulotlar eksport hajmi boʻyicha Moskvadan keyin ikkinchi oʻrinda turishi taʼkidlandi. Shuningdek, Janubiy Uralda toʻqqiz mingdan ortiq sanoat korxonalari faoliyat yuritayotgani, hududda avtomobilsozlik sanoati jadal rivojlanayotgani va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishda yetakchi ekanligi qayd etildi.
Chelyabinsk gubernatori yengil sanoat sohasida mato va aksessuarlar yetkazib berish boʻyicha hamkorlikni kuchaytirishni taklif qildi.
Muloqot chogʻida, shuningdek, sayyohlik yoʻnalishiga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, Chelyabinsk va Samarqand oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish imkoniyatlari boʻyicha fikr almashildi.
Tomonlar Chelyabinsk guberniyasi va Samarqand viloyati oʻrtasida hududlararo hamkorlik shartnomasini imzolash toʻgʻrisida kelishib oldilar.
Bundan tashqari, samarqandlik tadbirkorlar va mahalliy ishbilarmonlar bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish maqsadida “B2B” formatidagi uchrashuvlar tashkil etildi. Muzokaralar yakunida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan bir qator bitimlar imzolandi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.