Samarqand va Namangan shaharlari respublika boʻysunuvidagi shaharlar boʻladi. Bu nimani anglatadi?

    Mamlakatimizda 21 Dekabr 2022 2690

    Davlat rahbarining Parlament va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida muhim tashabbus – Samarqand va Namangan shaharlariga respublika boʻysinuvidagi shaharlar maqomini berish taklifi ilgari surildi.

    Bu nima degani? Bu xuddi Toshkent kabi Samarqand va Namangan shaharlari ham ushbu nomdagi viloyatlar tarkibidan chiqarilib, alohida maqomga, alohida boshqaruvga ega boʻladi degani.

    Bu oʻzgarishning ahamiyatini tushunish uchun unga har tomonlama, yaʼni kompleks yondashib, baho berish kerak.

    Birinchida, bu tashabbus urbanizatsiya, yaʼni aholi ehtiyojlaridan kelib chiqib shaharlarni rivojlantirish jihatidan muhim.

    Markaziy Osiyo hududida eng birinchi yirik, yaʼni “millionlik shahar” maqomiga Toshkent shahri 1960-yillarda erishgan. Oʻsha paytda yurtimiz aholisi 8 mln kishidan sal koʻproq boʻlgan. Bugun esa, aholimiz soni 36 mln kishiga yetdi. Lekin, haligacha odamlar ish, oʻqish, davolanish, dam olish, biznes qilish uchun intiladigan shahar, yaʼni “tortuvchi markaz” – Toshkent shahri boʻlib qolmoqda.

    Bu orada mintaqamizda “millionlik shahar”lar soni 7 taga yetdi. Bunday shaharlar mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega, bu nazariy jihatdan ham, tarixdan ham oʻz tasdigʻini topgan.

    Chuni odamlar bekordan bekorga shaharlarni, tartib bilan rivojlangan yirik markazlarni barpo etishmagan. Bunday shaharda hayot doim qaynaydi, turli sohalar, ayniqsa, xizmat koʻrsatish hisobidan koʻplab yangi ish oʻrinlari yaratish mumkin boʻladi.

    Ikkinchidan, bu taklif boshqaruv samaradorligi jihatidan ham muhim.

    Aslida maʼmuriy-hududiy birliklarni tashkil etishdan maqsad – boshqaruvni, davlat organlarini xalqqa yaqinlashtirish, aholiga sifatli xizmat koʻrsatish.

    Oʻz vaqtida Toshkent shahrini ham respublika boʻysinuviga oʻtkazish uchun sabab uning poytaxt boʻlgani emas, shaharning kengaygani, aholi soni oshgani, shaharni rivojlantirish uchun alohida eʼtibor zarurligi boʻlgan. Bugun esa, Samarqand va Namangan shaharlariga ham aynan mana shu kabi maqsadlar bilan respublika ahamiyatidagi shahar maqomi berilmoqda.

    Uchinchidan, bu yangilikning yuridik jihatdan ham ahamiyati katta. Oxirgi yillarda Namangan shahri tarkibida 2 ta yangi tuman — Davlatobod va Yangi Namangan tumanlari tashkil etildi. Samarqand shahri tarkibida ham tumanlar tashkil etish tashabbusi ilgari surilyapti. Maqsad – tobora koʻpayib borayotgan aholiga xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash. Ammo bu yuridik tomondan bir qator savollarni keltirib chiqaryapti.

    Shu nuqtayi nazardan agar biz yirik shaharlar tarkibida, xususan, Namangan va Samarqand shaharlarida tumanlar tashkil etadigan boʻlsak, butun qonunchilik tizimini bu yangilikka moslashtirgandan koʻra, ushbu shaharlarni, xuddi Toshkent shahri singari, respublika boʻysinuviga oʻtkazishimiz juda toʻgʻri va mantiqiy qaror hisoblanadi.

    Toʻrtinchidan, bu tashabbus tadbirkorlik muhiti yoki investitsiyaviy jozibadorlik nuqtayi nazaridan ham alohida qimmatga ega. Bu yerda davlat biznesga oʻziga xos “signal” beryapti: “Oʻzbekistonda yana 2 ta shahar Toshkent shahri kabi alohida maqomga ega boʻladi, ular tez orada yanayam rivojlanadi, aholi soni oshadi, oʻz kapitalingizni bu shaharlarga yoʻnaltirib, siz aslo kam boʻlmaysiz” deyapti. Transport-logistika jihatdan ham shunday.

    Bu oʻzgarish oddiy odamlarga, masalan, har ikki shahar va har ikki viloyat aholisiga nima beradi?

    Bu islohot ushbu odamlar hayotida qanaqadir qiyinchilik yoki boshqacha noqulayliklar keltirib chiqarmaydi: hamma oʻz ishi, kundaylik hayot tarzini avvalgiday davom ettiraveradi, odamlar bundan keyin ham oʻzi istagan joyida dam olishi, oʻqishi, davolanishi, ishlashi mumkin boʻladi, bu borada hech qanday muammo yoʻq.

    Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, bu islohot natijasida Samarqand va Namangan shaharlarining nufuzi, investitsiyaviy jozibadorligi ortadi, biznes rivojlanadi, ish oʻrinlari koʻpayadi, shu orqali soliq tushumlari ortadi.

    Ushbu taklifni amalga oshirish uchun, eng avvalo, Konstitutsiyamizga, keyin esa boshqa qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish, Oliy Majlis palatalarining tegishli qarorlarini qabul qilish lozim boʻladi.

    Eldor Hamroyev,

    huquqshunos, mustaqil tadqiqotchi