Samarqand va Xatlonda ijtimoiy muassasalar ochildi

    Hukumat 10 Iyun 2021 4780

    Kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar yakunlangach, Oʻzbekistonning Samarqand viloyati va Tojikistonning Xatlon viloyatida barpo etilgan ijtimoiy obyektlarning rasman ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon ramziy tugmani bosib, ularning faoliyatiga start berdilar.

    Xatlon viloyatining Koʻbodiyon tumanidagi tibbiyot majmuasi Oʻzbekiston tomonidan qurilgan. Ushbu 250 oʻrinli zamonaviy koʻp tarmoqli shifoxona yiliga 75 ming nafar bemorga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega. Majmuada jarrohlik, urologiya, koʻz xastaliklari, intensiv davolash va reanimatsiya, pediatriya, travmatologiya, ginekologiya, homiladorlik patologiyasi, tugʻruqdan keyingi tiklanish va terapiya boʻlinmalari mavjud.

    Majmua tarkibidagi poliklinika bir smenada 300 nafar va bir yilda 219 ming nafardan ziyod bemorga xizmat koʻrsatishga moʻljallangan.

    Tojikiston tomonidan Samarqand viloyatining Urgut tumanida umumtaʼlim maktabi barpo etilgan. U 640 nafar oʻquvchiga moʻljallangan.

    Maktabning uch qavatli binosida 26 ta sinf, sport zali, faollar zali, oshxona, kutubxona, mehnat darslari va ixtisoslashtirilgan mashgʻulotlar uchun sinflar mavjud. Oʻquv maskani kompyuter texnikasi va laboratoriya jihozlari bilan taʼminlangan.

    Marosimda ikki mamlakat vakillari soʻzga chiqib, davlat rahbarlariga birodar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va mehr-oqibatni mustahkamlashga, fuqarolarimiz uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratayotgan alohida eʼtibori uchun minnatdorlik bildirdilar.