Samarqand veterinariya meditsinasi instituti rektori Belorus Akademiyasi Faxriy professori bo‘ldi

    Ta'lim 6 Noyabr 2020 3935

    Samarqand veterinariya meditsinasi instituti dunyoning yetakchi 84 ta oliy oʻquv yurtlari bilan xalqaro hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolagan.

    Bugun nafaqat mamlakatimizda, balki Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Samarqand veterinariya meditsinasi instituti jamoasi Belorus Respublikasida xizmat safarini o‘tamoqda. Xizmat safariga institut rektori, biologiya fanlari doktori, professor Xudoynazar Yunusov boshchilik qilmoqda.

    Mazkur institut Axborot xizmatining xabar qilishicha, ayni kunlarda oliy ta'lim muassasasimizning Yevropa mamlakatlari orasida yaqin hamkorlaridan biri bo‘lgan Belorus Respublikasi Vitebsk davlat veterinariya meditsinasi Akademiyasining 95 yillik yubileyi tantanalari bo‘lib o‘tmoqda. Marosim doirasidagi tadbirda Samarqand veterinariya meditsinasi instituti rektori X.Yunusovga Vitebsk davlat veterinariya meditsinasi Akademiyasining “Faxriy professori” nishoni topshirildi.

    Institut Axborot xizmatining ma'lum qilishicha, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti dunyoning yetakchi 84 ta oliy o‘quv yurtlari bilan xalqaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolagan. Jumladan, Vitebsk davlat veterinariya meditsinasi Akademiyasi bilan hamkorlikda qo‘shma fakultet tashkil etilgan. Ayni paytda qo‘shma fakultetda 30 nafardan ortiq talabalar tahsil olishmoqda. Qo‘shma fakultet talabalari ham O‘zbekistonda ham Belorusda ta'lim olishadi. Shuningdek, institutni bitirgach, har ikki mamlakat diplomini qo‘lga kiritadilar.