Oʻtmish saboqlari va tajribalarini arxiv hujjatlari asosida oʻrganish nafaqat nazariy, balki dolzarb ahamiyatga ega.
Samarqand viloyat davlat arxivi tarixi hamda uning faoliyati, saqlanayotgan uch asrlik tarixni eslatuvchi hujjatlar arxivning qadimiyligini eslatib turadi.
Viloyat davlat arxivi 1921-yil aprel oyida tashkil etilgan. Bugun tashkil etilganligiga roppa-rosa 100-yil toʻldi.
1919-yil yilning 5-noyabrida Respublika Markaziy Ijroiya Komiteti Turkistonda arxiv ishlarini tashkil etish va markazlashtirish toʻgʻrisida qabul qilingan qarori asosida yagona arxiv boshqarmasi tashkil topdi. Respublika xalq komissarlari Sovetining 1921-yil 25-yanvardagi 16-sonli “Viloyat arxiv fondlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Joylarda mahalliy davlat arxivlari tashkil etila boshlandi.
1921-yil aprel oyida oʻz faoliyatini boshlagan viloyat davlat arxivi dastlabki vaqtda xalq maorifi komissariyati tarkibida boʻlgan. Respublika Markaziy Ijroiya qoʻmitasining 1922-yil 14-maydagi 47-sonli qarori bilan Markaziy arxiv boshqarmasi va viloyat davlat arxivi Xalq maorifi komissariyati tizimidan ajratildi. 1924-yilda viloyat davlat arxivi byurosi, 1927-yilda esa Samarqand okrugi ishchi, dehqon va askarlar Soveti ijroiya komiteti qoshidagi arxiv byurosi deb atala boshlandi. 1931-yil 30-yanvardan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy arxiv boshqarmasining Samarqand boʻlimi 1938-yil 18-noyabrdan Samarqand viloyat arxiv boshqarmasi, 1940-yil 22-maydan Xalq komissarlari Ichki ishlar boʻlimi, 1944-yil Samarqand shahar davlat arxivi tashkil etildi. 1961-yil arxivlar ichki ishlar vazirligi tizimidan mehnatkashlar deputatlari viloyat kengashi ijroiya qoʻmitasi tasarrufiga oʻtkazilgan. 1962-yil 17-iyulda viloyatning Bulungʻur, Kattaqoʻrgʻon, Narpay, Samarqand tumanlarida tumanlararo davlat arxivlari tashkil etilgan. 1962-yilda arxiv boʻlimi va Samarqand shahar davlat arxivi tugatilib, viloyat davlat arxiviga birlashtirildi. 1965-yil 25-martda Xalq deputatlari viloyat Kengashi ijroiya qoʻmitasining arxiv boʻlimi tashkil etildi.
Soʻnggi yillarda viloyat davlat arxivining fondlari fan, taʼlim, madaniyat, sogʻliqni saqlash va boshqa sohalarga oid hujjatlar hamda tarixiy-madaniy yodgorliklarni aks ettiruvchi suratlar bilan boyitib borildi.
Jahonning rivojlangan mamlakatlarida arxiv ishi sohasida olib borilgan ilmiy tadqiqotlarda asosiy eʼtibor hujjatlarni arxiv saqlovlariga toʻliq qamrab olish va ularni kelajak avlod uchun lozim darajada saqlanishiga erishish, arxiv hujjatlarini raqamlashtirish orqali sifatli arxiv xizmatlarini koʻrsatish hamda ularning iqtisodiy barqarorligini taʼminlashga qaratilgan. Xususan, Samarqand viloyat davlat arxivida ham hujjatlarni raqamlashtirish boʻyicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2018-yilda Yaponiya davlatida ishlab chiqarilgan “Scan Snap sv 600” rusumli hujjatlarni skanerlovchi maxsus qurilma apparati olib kelindi. Bu qurilmaning ahamiyatli tomoni shundaki, besh soniyadan kam vaqt orligʻida turli shaklda skanerlaydi, zarar yetgan hujjatlardagi nuqsonlar (notekis, hujjat atrofi shkastlangan boʻlsa) avtomatik tarzda toʻgʻrilaydi. Eng bir afzalligi ushbu qurilma bir tugma orqali boshqariladi.
Hozirda viloyat davlat arxivida oʻttizdan ziyod xodimlar faoliyat koʻrsatadi. Ularning aksariyati koʻp yillik tajribaga ega.
Bugungi kunda viloyat davlat arxivida jami 589 672 saqlov birligidagi hujjatlar saqlanmoqda. Bundan tashqari, 84000 saqlov birligidagi gazeta va jurnallar, 26200 saqlov birligidagi fotosuratlar, 183 826 saqlov birligidagi kitob-albomlar mavjud.
2021-yil 1-yanvardan Samarqand shahar davlat xizmatlari markazi orqali toʻrt mingdan ziyod ish staji va oylik maoshi bilan bogʻliq soʻrovlar kelib tushdi.
Viloyat davlat arxivida saqlanayotgan ikkinchi jaxon urushi yillaridagi fuqarolarni Samarqand shahriga koʻchirib kelinishi, Samarqand shahar Xalq Deputatlari shahar Ijroiya qoʻmitasi 1924-1927-yillarga oid, Samarqand tuman Harbiy Kosissariatining 1918-1920-yillardagi, Ishchi va Dehqonlar Qizil armiya deputatlari Kengashi Ijroiya qoʻmitasi bolalar hayotini yaxshilash boʻyicha Samarqand shahar komissiyasining 1928-1932-yillardagi, Evakuatsiya qilingan polyaklarni yetkazib berish boʻyicha SSSR Xalq savdo komissiyasining 1943-1946-yillardagi hujjatlari qimmatli hujjatlar sirasida saqlab kelinmoqda.
Samarqand viloyat arxiv ishi
hududiy boshqarmasi axborot xizmati











