Delegatsiya aʼzolarining Bosh konsulxona koʻmagida Yekaterinburg shahrida istiqomat qiluvchi vatandoshlar va samarqandlik mehnat muhojirlari bilan oʻtkazgan uchrashuvida Sverdlovsk viloyati “Ural-Oʻzbekiston” doʻstlik jamiyati raisi Abdiqul Turatov va Tyumen viloyati oʻzbek diasporasining “Vatan” jamoat tashkiloti raisi Muin Sobirov ishtirok etdi.
Muloqot chogʻida Jamshid Oʻroqov mamlakatimiz rahbariyati tomonidan mehnat migratsiyasi sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar va yaratilgan shart-sharoitlar, jumladan, chet elga mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida ketayotgan fuqarolarni kasb-hunarga oʻrgatish hamda xorijdan Vatanga qaytgan hamyurtlarimizni ish bilan taʼminlash va tadbirkorlikka yoʻnaltirish borasidagi saʼy-harakatlar toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlarni oʻrtoqlashdi.
Samarqand viloyati delegatsiyasi aʼzolari, konsullik muassasasi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xodimlarining navbatdagi uchrashuvi “Stroy Invest” MCHJ qurilish korxonasida mehnat qilayotgan yuz nafarga yaqin Oʻzbekiston fuqarolari bilan boʻlib oʻtdi. Muloqot davomida mehnat muhojirlarining ish va yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishilgani barobarida ularning hayotini yengillashtirishga oid takliflari ham tinglandi.
Tadbir yakunida oʻzbekistonlik mehnat muhojirlari uchun muborak Ramazon oyi munosabati bilan iftorlik tashkil etilib, Samarqand viloyati hokimligi nomidan osh tortildi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi aʼzolarining Sverdlovsk viloyati gubernatori oʻrinbosari Vasiliy Kozlov bilan oʻtkazilgan uchrashuvi davomida ikki tomonlama hamkorlikka doir bir qator masalalar muhokama etildi. Xususan, Sverdlovsk viloyati butun Ural hududi uchun xab vazifasini oʻtashi inobatga olingan holda Oʻzbekistonda yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari dastlab toʻgʻridan-toʻgʻri Sverdlovsk viloyatiga, soʻngra Uralning boshqa hududlariga yetkazish yuzasidan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirishga tayyor ekanligi maʼlum qilindi. Shuningdek, suhbatdosh mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan toʻqimachilik mahsulotlarining sifatiga yuqori baho berar ekan, Yekaterinburg shahrida gazlamalar koʻrgazmasi va sotuviga ixtisoslashgan savdo uyini ochish taklifini oʻrtaga tashladi.
Samarqand viloyati va Sverdlovsk viloyati oʻrtasida taʼlim, tibbiyot va mehnat migratsiyasi sohalarida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari ham muhokama qilindi. Shu maqsaddagi aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun tomonlar joriy yil may oyida onlayn uchrashuv oʻtkazishga kelishib oldilar.
Yuqoridagilardan tashqari, Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari Ural savdo-sanoat palatasida Sverdlovsk viloyati yirik tadbirkorlari va ish beruvchilari bilan ham uchrashdi.
Ushbu amaliy safar doirasida Oʻzbekistonning ziyorat turizmi salohiyatiga bagʻishlangan taqdimot marosimi ham oʻtkazildi.