Samarqand viloyati hokimi “Avtomashinasiz 10 kun” aksiyasini oʻtkazishni taklif qildi

    Salomatlik 10 Noyabr 2020 2293

    Samarqand viloyatida “Avtomashinasiz 10 kun” aksiyasini oʻtkazish rejalashtirilmoqda. Viloyati hokimi Erkinjon Turdimov taklifiga binoan 11-noyabrdan 21-noyabrgacha hokimlardan tortib, byudjet tashkilotlari rahbar va xodimlari ishga piyoda borib keladi. Velosiped yoki jamoat transportidan ham foydalanish mumkin.

    Bu haqda viloyat hokimligi xabar bermoqda.

    “Prezident birinchi rahbarlar shaxsiy namuna koʻrsatishi va sport bilan shugʻullanishi kerak, odamlarni ragʻbatlantirib, sportga jalb etaylik degan. Shu nuqtayi nazardan, men taklif etayapman, davlat idora organlari rahbarlari va barcha xodimlari 11-noyabrdan 21-noyabrgacha ertalab, kechqurun uyidan ishga, ishdan uyiga faqat piyoda boradi. Davlat va shaxsiy mashinasini minish yoʻq. Mana men — viloyat hokimi ertalab ishga 8 yoki 9 da keladigan boʻlsam, endi ishga piyoda kelib, kechqurun ham ishdan piyoda ketaman”, — dedi Erkinjon Turdimov.

    Hokimning aytishicha, biror bir tumanga, misol uchun, Oqdaryo tumaniga borish lozim boʻlsa, xizmat mashinasi hokimni olib borib, qaytishda uyiga emas, ishxonasiga tashlab qoʻyadi. U esa uyiga piyoda ketadi.

    “Ikkinchi yoʻl, uzoqroq boʻlsa, velosiped bor. Uchinchisi, jamoat transporti. Marhamat, jamoat transportidan foydalaning. Ham transportni, ham qanaqa qatnashini bilib oladi [mansabdor shaxs]. Tushliq vaqtida agar uyda boʻlsa, xizmat mashinasida ketaverish kerak. Chunki tushlikda uzoq ketadi piyoda borsa”, — dedi hokim.

    Erkinjon Turdimov aksiya davlatdan oylik oladiganlarga taalluqli ekanini taʼkidlagan. “Qolganlar bizni taklifimizni qoʻllab-quvvatlashsa nur ustiga, aʼlo nur boʻladi. Buni jamoatchilik, jurnalistlar va blogerlar nazorat qilishi kerak”, — dedi u.

    “Hokim piyodalar yoʻlagidan uyiga boradi. Agar u yoʻq boʻlsa, insofi boʻlsa, keyin piyodalar yoʻlagini qiladi. Bu faqat shahar hokimiga emas, hamma tumandagilarga ham taalluqli”, — deya taʼkidladi.