Samarqand viloyati: yirik loyihalar va bunyodkorlik ishlari yuzasidan OAV xodimlari uchun press-tur tashkil etildi

    Mamlakatimizda 16 Dekabr 2021 1335

    2021-yilning 17-dekabr kuni oʻtkaziladigan xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi sessiyasi doirasida jurnalist va blogerlar uchun press-tur tashkil etildi. Press-tur doirasida OAV xodimlari viloyatda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar, bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishtirildi.

    Dastavval jurnalistlar va blogerlar Samarqand shahrining Qorasuv massivida bunyod etilgan va etilayotgan turarjoy binolarini borib koʻrdilar.

    Taʼkidlanganidek, Samarqand shahrida 550 ming 800 nafar aholi istiqomat qiladi. Shunga koʻra, aholini zamonaviy uy-joy bilan taʼminlash maqsadida joriy yilning oʻtgan davri mobaynida Samarqand shahrining “Qorasuv” massivida 10 ta 16 qavatli 928 xonadonli turarjoy binolari qurilib, foydalanishga topshirildi. 2022-yilning birinchi choragida esa 3 ta 16 qavatli va 2 ta 25 qavatli turarjoy binolari foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

    Shu bilan birga, uy-joyga muhtoj fuqarolarni uy-joy bilan taʼminlash maqsadida Qorasuv massivida subsidiya tartibida beriladigan koʻp xonadonli turarjoylar ham qurilmoqda.

    Keyingi manzil Qorasuv massividagi yaqinda bunyod etilgan 81-umumiy oʻrta taʼlim maktabi boʻldi. Mazkur maktab shu yil ishga tushirildi. Unda oʻquvchilarning zamonaviy taʼlim olishlari uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo etilgan.

    Shundan soʻng OAV xodimlari Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazi Samarqand filialining Qorasuv massivida qurilayotgan yangi binosini borib koʻrdilar.

    Navbatdagi manzil esa “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi boʻldi. OAV xodimlari u yerda faoliyat yuritayotgan turli yoʻnalishdagi korxonalar faoliyati bilan tanishishdi.

    Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, “Urgut” EIZ Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-yanvardagi Farmoniga asosan tashkil etilgan.

    Joriy yilning 1 dekabr holatiga “Urgut” EIZda umumiy qiymati 602,2 mln. AQSH dollari miqdoridagi 96 ta loyihani amalga oshirish ustida ish olib borilayotgan boʻlib, 8300 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishi rejalashtirilgan.

    Shundan, 1-dekabr holatiga umumiy qiymati 286,3 mln. dollar boʻlgan 60 ta loyiha ishga tushirilgan boʻlib, 4 700 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratildi.

    EIZ korxonalari tomonidan 11 oy davomida 2 trln. 20 mlrd. soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, 57,0 mln. AQSH dollari miqdorida mahsulot eksporti amalga oshirildi. Korxonalar tomonidan joriy davrda byudjetga 480 mlrd. soʻmdan ortiq soliq va boshqa toʻlovlar amalga oshirildi.

    OAV xodimlari “SMART HYGIENE FACILITIES” qoʻshma korxonasi, “ELITE-ELEKTRO-GROUP” MCHJ, “NUR SAM QUR” MCHJ korxonalarida ham boʻlishdi.

    Shuningdek, jurnalist va blogerlar “Щyolkovo Agroxim-Oʻzbekiston” Rossiya-Oʻzbekiston qoʻshma korxonasining oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini va innovatsion preparatlar turini ishlab chiqarish loyihasi bilan ham tanishdilar.

    Loyihaga koʻra, mazkur korxonada oʻsimliklarni himoya qilish vositalari va innovatsion preparatlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

    Loyiha qiymati 10,6 mln. dollar (10,6 mln. dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya). Loyiha toʻliq quvvatda ishga tushishi orqali yiliga 30 mlrd. soʻmlik mahsulot ishlab chiqariladi.

    Shuningdek, OAV xodimlari Nurobod tumanida joylashgan “TESPACK INVESTMENT” MCHJ tomonidan alyumin isitish radiatorlarini ishlab chiqarish, “MIRANKUL CONSTRUCTION MATERIALS LTD” MCHJda kabel yoʻlaklar, metall shpalerlar, ventilyatsion tizimlar, elektr shitlar va kesishuvchi sterjenli konstruksiya tizimlarini ishlab chiqarishni tashkil etish loyihalari bilan ham yaqindan tanishdilar.

    Shahzod Gʻafforov,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri