Samarqand viloyatida yangi bolalar bogʻchalari yaratiladi

    Ta'lim 16 Aprel 2021 373

    Samarqand viloyati Bulungʻur tumanida bolalar qamrovi 66,1% ni tashkil yetadi. Bu koʻrsatkichni 70 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

    15-aprel kuni Maktabgacha taʼlim vaziri Samarqand viloyati Bulungʻur tumani pedagoglarni tayyorlash kollejiga mahalla fuqarolar yigʻini vakillari bilan birgalikda tashrif buyurdi.

    Pedagogika kollejida “Maktabgacha taʼlim” yoʻnalishi boʻyicha 215 nafar talaba tahsil oladi. Vazir talabalarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, ular bilan dildan suhbat qurdi.

    Kollej kutubxonasini ham koʻzdan kechirib, saqlanayotgan sakkiz mingdan ortiq kitob, shuningdek, uch ming — elektron shaklda kitoblar mavjudligini koʻrib, peshtoqdagi kitoblar safiga maktabgacha taʼlim va tarbiyani oʻrgatuvchi tematik qoʻllanmalarni ham kiritish koʻrsatmasini berdi.

    Malaka oshirish instituti mutaxassislari bilan birgalikda maʼnaviyat va maʼrifat soatlarini oʻtkazish topshirildi.

    Mahalla fuqarolar yigʻini vakillari vazirdan bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olishni oshirish uchun oilaviy tipdagi bolalar bogʻchalarini yaratishda koʻmaklashishni soʻradi. Ayni paytda Bulungʻur tumanida bolalar qamrovi 66,1% ni tashkil yetadi. Joriy yil oxirigacha yangi DMTTlar qurilishi va oilaviy MTT yaratilishi tufayli bu koʻrsatkichni 70 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

    Maktabgacha taʼlim sohasida klaster tizimini amalga oshirish maqsadida, 2020-yildan boshlab Pedagogika kollejlar qoshida davlat MTTlari tashkil etilmoqda.

    Shu tizim Bulungʻur pedagogika kollejida ham amalga oshirildi. Uning qoshida 150 oʻrinli 34-son DMTT ish faoliyatini boshlagan.

    Tashkilotda faoliyat yuritayotgan pedagog tarbiyachilarni bilim malakalarini oʻrganish uchun vazir ularni savol-javobga tutdi, soʻng, bolajonlar tomonidan bir necha tillarda sheʼrlar tinglandi, deb xabar beradi Maktabgacha taʼlim vazirligi matbuot xizmati.