Xususan, 2020-2022 yillarda viloyatda “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi bilan hamkorlikda jami — 91 ta ana shunday loyihalar hayotga tatbiq etiladi. Natijada, 4,46 mln. tonna sement, 2,9 mln. metr kvadrat “sendvich” panellar, 250 ming metr kub gazobeton bloklari, shuningdek, alyumin eshik va romlari, temir-beton buyumlari, burama mixlar, quruq aralashmalar, plastik quvurlar, gipsokarton, metal mahsulotlari, tom yopqich materiallari kabi mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlari yaratiladi.

Dasturga koʻra, yangi korxonalar viloyatning asosan Urgut, Pastdargʻom, Jomboy, Paxtachi, Oqdaryo, Kattaqoʻrgʻon, Samarqand tumani va Samarqand shahrida tashkil etiladi.

Xususan, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi hududida “Aziya metall prof” MChJ tomonidan umumiy qiymati 56,3 mln. dollar bo‘lgan yirik loyiha amalga oshirilyapti. Mazkur loyihaning noyobligi shundaki, u nafaqat respublikamizda, balki Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan murakkab texnologiya asosida yuqori haroratda ruxni qizdirib, 0,35 mm.dan past qalinlikdagi rux bilan qoplangan va polimerzatsiyalashgan yiliga 120 ming tonna tunuka mahsulotlari ishlab chiqarish va mahsulotning qariyb 100 foizini eksportga yo‘naltirilishiga erishiladi. Korxonada shuningdek, turli o‘lchovdagi aylana va to‘rtburchak metall quvurlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

Urgut tumanida “Sam dray fruits” MChJ tomonidan umumiy qiymati 2 mln. 135 ming dollar bo‘lgan yana bir yirik loyiha amalga oshirildi. Bu yerda yillik quvvati 275 ming m2 sendvich panellar va penoplast ishlab chiqarilmoqda. E’tiborlisi, korxona faoliyatini boshlashi bilan 50 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Jomboy tumanida, “Keramik briks” MChJ tomonidan, umumiy qiymati 10 mln. dollar bo‘lgan yirik loyiha ishga tushirildi. Korxona Ispaniyaning “Beralmar technology” texnologik uskunalari bilan jihozlangan bo‘lib, yiliga 7,5 mln. dona 2 xildagi tashqi pardoz, 2,5 mln. dona katta gabaritli zamonaviy keramik bloklar ishlab chiqarilmoqda.

Pastdarg‘om tumanida “Maroqand kabel invest” MChJ tomonidan yillik quvvati 160 ming tonna bo‘lgan kichik sement zavodi qurilib, ishga tushirildi. Shu bilan birga joriy yilning dekabr oyida “Jomboy yashil chiroqlari” MChJ tomonidan yillik quvvati 300 ming tona bo‘lgan sement zavodi foydalanishga topshirildi.

Shuningdek, viloyatda yillik quvvati 2,7 mln. tonna bo‘lgan yangi sement zavodlarini (Pastdarg‘om tumanida “Samarqand Afrosiyob sement” MChJ (561 ming tonna), “Indigo send treyd” (100 ming tonna), Nurobod tumanida “Maroqand sement invest” MChJ (1050 ming tonna), Samarqand tumanida “Jomboy sement” (1000 ming tonna) qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda.