Kattaqoʻrgʻon tumanidan 1 945 gektar, Nurobod tumanidan 971 gektar yer maydoni Kattaqoʻrgʻon shahri tarkibiga hamda Nurobod tumanidan 600 gektar yer maydoni Kattaqoʻrgʻon tumani tarkibiga oʻtkazilishi nazarda tutilmoqda. Ushbu chegaralar oʻzgartirilishi natijasida yangi ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish obyektlari tashkil etilib, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratiladi.
Xususan, 50 gektar maydonda “Urgut” erkin iqtisodiy sanoat zonasi filiali, shuningdek, 30 gektar maydonda 3 ta kichik sanoat zonalari tashkil etilishi koʻzda tutilgan. Hududda 2030-yilga borib sanoat korxonalarining sonini 332 tadan 500 taga yetkazish, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni qariyb ikki barobarga oʻsishini taʼminlash reja qilingan. Aholi jon boshiga esa sanoat mahsulotlari hajmi 1,5 barobarga oʻsishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, hududda xizmat koʻrsatish sohasida korxonalar sonini 981 tadan 1 285 taga yetkazish hisobiga jami xizmatlar hajmi 1,8 barobarga oʻsishi, 2030-yilga borib xizmat koʻrsatish sohasida korxonalar soni 3 ming taga yetkazish boʻyicha chora-tadbirlar belgilangan.
Qaror loyihasida hududning chegaralarini oʻzgartirish va unda belgilangan vazifalarni tizimli bajarish maqsadida Hukumatga kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish yuklatildi.









