Samarqand xalqaro aeroportida pnevmatik qurol ushlab qolindi

    Holat yuzasidan protsessual hujjatlar rasmiylashtirilib, pnevmatik qurol va unga tegishli qoʻrgʻoshin oʻqlar vaqtinchalik saqlovga olingan.

    Samarqand xalqaro aeroportiga “Domodedovo-Samarqand” yoʻnalishidagi aviareys bilan uchib kelgan shaxs “yashil” yoʻlak orqali harakatlanib, bojxona nazoratidan oʻtayotganida xodimlar tomonidan toʻxtatilib, yoʻlovchining bagaj va qoʻl yuklari koʻzdan kechirilgan.

    Natijada, yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida yozib koʻrsatilmagan va ogʻzaki soʻrovda maʼlum qilinmagan hamda tegishli hujjatlari boʻlmagan qiymati 3,1 million soʻmlik 1 dona “MR-512” rusumli, 4,5 mm kalibrli pnevmatik qurol va unga tegishli 550 dona qoʻrgʻoshin oʻqlari va hamda 1 dona “Borner” nomli “opticheskiy pritsel” borligi aniqlangan. Bu haqda viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqada.

    Holat yuzasidan protsessual hujjatlar rasmiylashtirilib, pnevmatik qurol va unga tegishli qoʻrgʻoshin oʻqlar vaqtinchalik saqlovga olingan. Shuningdek holat boʻyicha bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

    Maʼlumot uchun: Pnevmatik qurolni ichki ishlar organlarining tegishli ruxsatnomalarisiz olish, saqlash, olib yurish, tashish, foydalanish, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish yoki olib chiqish hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit olib oʻtish – qurolni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravaridan oʻttiz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.