Samarqand yana bir yirik sport musobaqasi – jahon chempionatiga mezbonlik qiladi

    Joriy yilning 29-sentyabr – 5-oktyabr kunlari qadimiy Samarqandda yirik sport musobaqasi – yongʻin-qutqaruv sporti boʻyicha erkaklar oʻrtasida XVII va ayollar oʻrtasida VII jahon chempionatlari oʻtkaziladi.

    Musobaqa davomida 30 dan ortiq davlatdan jamoalar toʻrt yoʻnalish boʻyicha 60 ta medallar toʻplami uchun oʻzaro bahs olib boradi. Faxriy mehmonlar qatorida nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari ham bor.

    Yongʻin qutqaruv sporti tarixi 1937-yilda, yaʼni Moskva shahrida boʻlib oʻtgan birinchi yongʻin xavfsizligi musobaqalari paytidan boshlangan. Oʻt oʻchiruvchilarning jangovar mehnati – bu fidokorona xizmat, oʻz navbatida, ushbu kasb egasining hayotiga nisbatan doimiy xavf deganidir. Ushbu kasb ularning har biridan katta jismoniy chidamlilik, epchillik va yuksak darajada rivojlangan kasbiy mahoratga ega boʻlishni talab qiladi.

    Yongʻin-qutqaruv sporti boshqa sport turlariga nisbatan ancha farqli va oʻziga xos xususiyatga ega boʻlib, alohida ajralib turadi. Oʻt oʻchiruvchilar va qutqaruvchilar kundalik faoliyatda duch keladigan turli qaltis vaziyatlar va ular oqibatida yuzaga keladigan murakkablik, ogʻir sharoitlarga faqat mard, ruhan baquvvat, jismonan barkamol insonlargina bardosh bera oladi. Favqulodda vaziyatlar chogʻidagi kurash bu – inson hayoti uchun boʻlgan kurashdir. Uning natijasi har bir soniyaga bogʻliq. Ushbu sport ustalari eng ogʻir janglarda oʻz qahramonliklarini namoyon etadi va har doim gʻolib boʻladi! Bu kurash gʻoyat jiddiy, gʻoyat nozik va gʻoyat xatarli...

    Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati